O‘zbekiston | 23:28 / 28.12.2017
31910
3 daqiqa o‘qiladi

15 yanvardan​ vodiy viloyatlarida analogli tele-uzatish batamom to‘xtatiladi 

Foto: Flickr

2018 yil 15 yanvardan boshlab, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida analog usulda tele uzatish tizimi batamom to‘xtatiladi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan butun respublika bo‘ylab analogli usulda tele uzatish o‘rniga bosqichma-bosqich raqamli tele uzatishga o‘tiladi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu amaliyot tasdiqlangan rejaga ko‘ra, 2018 yil 15 apreldan boshlab, Sirdaryo viloyatida, kelasi yil 15 maydan boshlab esa Jizzax viloyatida joriy etiladi. Poytaxt Toshkent shahri nisbatan kechroq, ya'ni 2018 yil 15 iyuldan boshlab raqamli tele uzatishga o‘tishi belgilangan. Albatta, rejada uzoq manzilda yashaydigan aholi vakillarining shart-sharoitlari alohida hisoblangan bo‘lib, bosqichma-bosqicha raqamli tele uzatish formatiga o‘tish barcha uchun birdek nazarda tutilmagan.

Ushbu amaliyotni bajarishda aholi talabi va ehtiyojlarini hisobga olib, 13ta telekanallar raqamli tele-uzatish formatida ham bepul bo‘lishi rejalashtirilgan. Xususan, «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Sport», UZ HD va boshqalar shular jumlasidandir.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan mutasaddi vakilning aytishicha, tez orada aholi uchun imtiyozli ravishda maishiy texnika (televizor, uskuna) sotib olish uchun kreditlar ajratilishi nazarda tutilgan.

Mexanika prinsiplaridan foydalangan dastlabki televizion tizimlarda hozirgi o‘lchamlarga qaraganda tasvirning sifati uncha yaxshi bo‘lmaganligi tufayli tomoshabinlar ekrandagi xira sharpalarni arang ko‘ra olganlar. Televideniyening faol rivojlanishi faqatgina u mutlaqo elektron shaklga o‘tganida boshlangan. Analogli televideniye o‘rniga sekin-asta raqamli televideniye kirib keladi. Raqamli televideniye tarafdorlarining bosh dalili — tasvirning sifati. Uzatish va qabul qilish jarayonidagi raqamli ishlov yanada yuqori sifatga erishish imkonini beradi. Darhaqiqat, hammaning ham uyidagi televizori tasvirni benuqson ko‘rsatavermaydi — tasvir turli xil nuqtalar bilan kelishi, titrashi, hatto umuman yo‘qolib qolishi ham mumkin. Analog signal sifatiga bir talay omillar ta'sir qilishi mumkin.

 

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid