Jahon | 09:52 / 28.12.2017
9548
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida xorijiy tadbirkorlar qiynoqqa solingani ma'lum bo‘ldi    

Foto: Al Jazeera

Saudiya Arabistonida korrupsiya ishi bilan hibsga olinganlar orasida G‘arb davlatlaridan 17 tadbirkor ham borligi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda AQShning 8 fuqarosi, 6 nafar britaniyalik va 3 nafar fransuz hibsda ushlab turilibdi. Ulardan ba'zilari Saudiya Arabistonida ishlashga ruxsat bilan vaqtinchalik bo‘lganlar, qolganlari esa mamlakatda anchadan beri yashaganlar va yashash uchun ruxsatga ega bo‘lganlar. Ta'kidlanishicha, ular ham hibsga olingan saudiyaliklar bilan bir qatorda qiynoqqa solinmoqdalar. Ularning barchasi Ar-Riyoddagi Ritz-Carlton mehmonxonasida ushlab turilibdilar.  

Bu orada Saudiya Arabistoni, AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya hukumatlari bu ma'lumotga izoh berishdan bosh tortishdi.

Noyabrda Saudiya Arabistonining korrupsiyaga qarshi oliy qo‘mitasi korrupsiyaga aloqador shaxslarni hibsga olishga ko‘rsatma bergan. Hibsga olinganlar orasida qirollik oilasi a'zolari, sobiq vazirlar, harbiylar va tadbirkorlar bor. Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat g‘aznasidan turli korruptsion bitimlar orqali 100 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ olib chiqib ketilgan.    

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid