Sport | 22:20 / 29.12.2017
9110
3 daqiqa o‘qiladi

Madaniyatsiz muxlislari uchun klublarga 500 million so‘mlik jarimalar qo‘llanadi

O‘zbekistonning professional futbol klublari o‘rtasidagi 2018 yil uchun futbol bo‘yicha musobaqalar reglamenti tasdiqlandi, deb xabar bermoqda PFL sayti.

Undan O‘FF hamda PFL bayrog‘i ostida o‘tadigan musobaqalar tuzilishi, formati, qatnashuvchi klublarga qo‘yiladigan talablar o‘rin olgan.

Mana shu talablar haqida O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G‘ofurov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«O‘zbekiston Superligasi ishtirokchi klublari endilikda 5 nafargacha xorijlik futbolchilarni 4+1 formatida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishadi. So‘nggi yillarda chempionatimizda legioner darvozabon o‘ynashi mumkin emas edi. Bu taqiq ham bekor qilindi. Endi klublar xorijlik darvozabonlar bilan ham shartnoma imzolashlari mumkin bo‘ladi.

Qolaversa, klub tizimida ishlaydigan xodimlar borasida ham aniq lavozimlar bo‘yicha qanday ishchilar faoliyat olib borishi reglamentda ko‘rsatib o‘tildi.

Muxlislik madaniyati eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. Aksariyat stadionlarga tashrif buyuruvchi futbol ishqibozlari yomon xulq-atvorlari sababli boshqa muxlislarni stadionga kelishdan bezdirib qo‘yishadi. Aynan madaniyatsiz muxlislar tufayli ko‘plab ishqibozlar stadionlarga farzandlari bilan tashrif buyura olishmaydi. Mana shu holatlarning oldini olish maqsadida, yangi mavsumdan boshlab klublar oldiga muxlislar bilan ish olib borish vazifasini qo‘ydik. Agarda qaysidir jamoa muxlislari stadionda o‘zlarini yomon tutishsa, hakam va futbolchilarni haqorat qilishsa, o‘sha klubga 500 million so‘mga qadar bo‘lgan jarimalar solinishi reglamentga kiritildi. Moliyaviy jazoga tortilmaslik uchun ham endilikda klublar o‘z muxlislari bilan ish olib borishga majbur bo‘lishadi.

Superligada ishtirok etuvchi klublar murabbiylari endilikda talabnoma berishdan oldin o‘zlarining chorak va yillik rejalarini bizga taqdim etishlari kerak. Bu rejani O‘zbekiston futbol federatsiyasi Ilmiy-metodik bo‘limi mutaxassislari o‘rganib chiqishadi. Agar murabbiyning rejasi talabga javob bermasa, rejasini o‘zgaritib, qaytadan topshirmaguncha, murabbiy 2018 yilgi o‘yinlar talabnomasiga kiritilmaydi» - dedi Omon G‘ofurov.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid