Jahon | 23:30 / 30.12.2017
10438
2 daqiqa o‘qiladi

Falcon Heavy o‘ta og‘ir raketasi parvozga shay holatga keltirildi (video)

Foto: Twitter/ @johnkrausphotos

SpaceX kompaniyasi o‘zining yangi Falcon Heavy o‘ta og‘ir raketasini start maydonchasiga o‘rnatdi. Raketaning vertikal holatga keltirilishi videosi (34 marta tezlashtirilgan holda) Spaceflight Now tomondan namoyish qilindi.

Raketa Jon Kennedi nomidagi koinot markazining (Florida shtati) LC-39A maydonchasida o‘rnatilgan. Bu yerdan 1967 yil 9 noyabrda Apollo kemasiga ega Saturn 5 o‘ta og‘ir raketasi ilk bor fazoga uchirilgan.

Falcon Heavy raketasi parvozi oldidan SpaceX muhandislari uning dvigatellarini yana bir bor ko‘zdan kechirib chiqadilar.

Ayni vaqtda Falcon Heavy sayyoramizdagi eng kuchli raketa hisoblanadi. Raketaning ilk parvozi yanvar oyiga belgilangan. SpaceX kompaniyasi rahbari Ilon Maskning fikricha, raketaning birinchi parvozi 27 ta dvigatelining sinxron ishlashidagi murakkablik tufayli katta ehtimollik bilan muvaffaqiyatsiz o‘tishi mumkin.

Raketa pastki tayanch orbitaga 63,8 tonna yuk olib chiqa olishi mumkin. Raketa parvozi 90 mln dollarga baholanmoqda.

Hozircha faqat AQShda o‘ta og‘ir (pastki yer atrofi orbitasiga 50 tonna yuk olib chiquvchi) raketalar loyihalari raketalarni yig‘ish bosqichigacha yetib borgan.

20-asrda bunday sinfdagi raketadan 3 tasi yaratilgan. Ulardan eng muvaffaqiyatlisi Saturn 5 bo‘lgan va u AQShning Oy dasturida qo‘llangan. Sobiq ittifoqda yaratilgan N-1 raketasining barcha 4 ta parvozi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Sobiq ittifoqning yana bir o‘ta og‘ir raketasi “Energiya” ikki marta uchirilgan va ikki parvoz ham muvaffaqiyatli o‘tgan. 

Mavzuga oid