Jahon | 09:13 / 30.12.2017
3341
2 daqiqa o‘qiladi

Petrobras sobiq rahbari va yetti bosh menejyeri korrupsiyada ayblandi

Foto: Reuters

Braziliyaning qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha komissiyasi (CVM) Petrobras davlat energiya kompaniyasining sobiq rahbari Mario das Grasas Foster va yana 7 nafar sobiq yuqori lavozimli mulozimlarini rasman korrupsiyada aybladi. Bu haqda Folha de Sao Paulo nashri yozmoqda. 

2016 yil bahorida boshlangan tergov jarayoni doirasida e'lon qilingan ayblov xulosasi 3 ta burg‘ulash kemalari bo‘yicha shartnomalarni imzolashda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi bilan bog‘liq, deb yozadi gazeta. 

Korrupsiyada ayblanayotganlar orasida kompaniyaning sobiq top menejyeri Xose Serjio Gabrielli, mahsulotlarni yetkazib berish zanjiri uchun javob bergan Paolo Kosta, xalqaro aloqalar boshlig‘i Nesto Servero, moliyaviy direktor Almir Barbassa, razvedka va ishlab chiqarish sektori boshlig‘i Gilerme Yestreya, energetika va gaz yo‘nalishlari rahbari Ildo Sauer va xizmat ko‘rsatish boshqarmasi rahbari Renato Dyuk bor.

Braziliyaning Petrobras kompaniyasi 2014 yilda korrupsiya mojarosi domida qoldi. Kompaniya rahbarlari imzolangan shartnomalar qiymatining 3 foizini mukofot tariqasida olgani gumon qilinmoqda. Bu mablag‘lar keyinchalik siyosatchilar va amaldorlarni sotib olish uchun ishlatilgan. Braziliya hukumatiga ko‘ra, narxlarni sun'iy ravishda oshirish va pora berish jinoiy sxema asoschilariga 3,8 mlrd dollar foyda keltirgan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid