Jahon | 08:40 / 02.01.2018
10497
2 daqiqa o‘qiladi

Hamid Karzay Pokiston masalasida Trampni qo‘llab-quvvatladi

Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay Pokiston masalasi bo‘yicha AQSh prezidenti Donald Trampni qo‘llab-quvvatladi va mintaqada tinchlikni ta'minlash uchun pokistonlik harbiylarga bosim o‘tkazishga chaqirdi. 

Avvalroq Tramp tvitterda AQSh Pokistonga ko‘plab yillar davomida moliyaviy yordam ko‘rsatgani, biroq Islomobod terrorchilikka qarshi kurashda yordam bermay, aksincha afg‘onistonlik jangarilarni yashirganini, biroq “endi bunday bo‘lmasligini” yozgan.  

“Prezident Trampning Pokistonning oxirgi 15 yil ichidagi ikkiyuzlamachiligi borasidagi tviti terror bilan kurash afg‘on qishloqlari va uylarini emas, balki Afg‘onistondan tashqaridagi boshpanalarni bombardimon qilishdan iborat ekanligining tasdig‘i hisoblanadi”, deb yozgan Karzay tvitterda.

“Men Trampning aytganlaridagi aniqlikni qo‘llab-quvvatlayman hamda AQSh va mintaqaning birgalikdagi koalitsiyasiga nafaqat Afg‘onistonda, balki butun mintaqada tinchlikni ta'minlash uchun Pokiston qurolli kuchlariga bosim o‘tkazishni taklif qilaman”, deb qo‘shimcha qilgan Karzay.       

Avvalroq Tramp agar Pokiston o‘z hududida yashirinayotgan terrorchilarga qarshi kurashmasa, unda “ko‘p narsani yo‘qotishi mumkinligini” aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid