O‘zbekiston | 11:50 / 03.01.2018
96704
3 daqiqa o‘qiladi

Ishlab chiqaruvchi tashkilotlar uchun tabiiy gaz to‘lovlari keskin ko‘tarildi

O‘zbekistonda 2018 yil 1 yanvardan tadbirkorlar foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni yangi tartibdagi tariflarda amalga oshirishadi. Bu haqda «O‘ztransgaz» AJ saytida ma'lum qilingan.

«O‘ztransgaz» Aktsiyadorlik jamiyati shuni ma'lum qiladiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi «Tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish va realizatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1025-sonli qaroriga muvofiq iste'molchilarning ayrim toifalariga 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab tabiiy gaz uchun oshirilgan tariflar belgilandi», deyilgan xabarda.

Endilikda, pishirilgan g‘isht, asfalt, sement ishlab chiqaruvchi, gips va ohaktosh qazib olib, qayta ishlovchi, beton va temir-beton ishlab chiqaruvchi korxonalar, issiqxona va issiqxona-parnik xo‘jaliklari, chinni va fayansdan buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar, gips-karton, yo‘lakbosh va keramika plitalari, bruschatkalar, keramik va sement-qum cherepitsalar, quruq qurilish aralashmalari, shuningdek, quvur buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, muayyan xizmatlar ko‘rsatuvchi restoranlar, kafelar va boshqa umumiy ovqatlanish obektlari (mehmonxonalar va ularga tegishli bo‘lgan obektlar bundan mustasno)ga tabiiy gaz to‘lovi 1 kub.m uchun 1000 so‘m etib belgilandi. 

Ma'lumot uchun, bungacha, 2017 yilning 15 iyulidan e'tiboran iste'molchi tashkilotlar uchun 1 kub.m tabiiy gaz narxi 263,4 so‘m edi. Shu tariqa, narxlar tabiiy gaz uchun qariyb 4 baravar oshmoqda.

Endilikda, ro‘yxatda sanab o‘tilgan ishlab chiqaruvchilar xarajatlar oshishiga mos ravishda mahsulotlar narxini ham keskin ko‘tarishini kutish mumkin. 

Hozircha aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gaz tariflari oshirilgani haqida ma'lum emas. Oxirgi marta, o‘tgan yilning yozida aholiga beriladigan tabiiy gazning 1 kubometri hisoblagich bo‘lgan holda 246,1 so‘mdan 263,4 so‘mga oshgandi.

Shuningdek, bugundan O‘zbekistonda elektr uchun to‘lovlarning yangicha tariflari joriy etilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid