Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ishlovchi pensioner-shifokorlarga yanvardan pensiya 100 foiz miqdorda to‘lanadi
2018 yilning yanvar oyidan boshlab, ishlovchi pensioner-shifokorlarga pensiya 100 foiz miqdorda to‘lanadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida” qarorining 6-bandiga muvofiq, mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tibbiyot tashkilotlarida mehnat qilayotgan shifokor-pensionerlarga pensiyalar to‘liq yuz foiz miqdorida to‘lanish tartibi belgilandi.
Ilgari O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni to‘lash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, quyidagi toifadagi ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanar edi:
urush nogironlari va qatnashchilariga, Ikkinchi jahon urushi yillarida harbiy xizmatni o‘tagan yoki front orqasida ishlagan shaxslarga, I va II guruh nogironlariga, Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan fuqarolarga;
shuningdek, fuqarolar yig‘inlari va mahallalarning raislariga, ularning diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya bo‘yicha maslahatchilariga, «Nuroniy» jamg‘armasining barcha xodimlariga.
- Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur qarori bilan mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 11 ming nafardan ziyod ishlovchi pensioner-shifokorlarga pensiyalar to‘liq to‘lanadigan bo‘ldi, - deydi respublika sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot, moliyalashtirish va istiqbolni aniqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirazim Mirtalipov. - Bundan ko‘zlangan maqsad, qishloq va olis tumanlardagi tibbiyot muassasalarining shifokorlar bilan ta'minlanganlik darajasini yaxshilash, vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan qoplash, shifokorlar mehnatini yanada rag‘batlantirish, tibbiy xizmat uzluksizligini ta'minlashdir.
Ilgari tibbiyot muassasasida ishlayotgan pensioner shifokorlar har oyda 50 foiz miqdorida pensiya olardi. Yangi tartibga ko‘ra, olinayotgan pensiyaning umumiy miqdori ikki marotabaga ortdi. Masalan, rentgenolog-shifokor har oyda o‘rtacha 500 ming so‘m hisobidan, bir yilda jami 6,0 million so‘m pensiya olgan bo‘lsa, 2018 yilda esa ikki barobar ko‘p — 12,0 million so‘m pensiya oladi.
Hozirda tuman (shahar) Pensiya jamg‘armasi bo‘limlaridagi shifokor pensionerlarning F-25 shakldagi topshiriqnomalariga pensiya miqdorini 100 foizga yetkazish yuzasidan tegishli o‘zgartirishlar kiritish choralari ko‘rilmoqda.
Amalda o‘rnatilgan tartibga muvofiq, 2018 yilning yanvar oyi uchun barcha ishlovchi shifokor-pensionerlarga 100 foiz miqdordagi pensiya to‘lovi fevral oyida ish haqining ikkinchi qismi to‘lovi amalga oshiriladigan muddatlarda to‘lanadi.
Mavzuga oid
17:59 / 06.05.2026
Samarqandda xatna fojiasi: sog‘lom bolalarni nosog‘lom tizim o‘ldirdi
21:10 / 03.05.2026
Namanganda ayol ukol olayotganda vafot etgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
17:04 / 20.11.2025
O‘zbekistonda erkak shifokorlar ayol shifokorlarga nisbatan ko‘proq
17:40 / 11.11.2025