Jahon | 14:25 / 12.01.2018
8474
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya bosh vaziri birdaniga 6 davlatga tashrif bilan boradi

Foto: AP Photo/ Shizuo Kambayashi

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe 30 ta yirik kompaniya rahbariyati hamrohligida Boltiqbo‘yi va Yevropa davlatlariga tashrif bilan boradi. U avvaliga Estoniya, keyin Latviya, Litva, Bolgariya, Serbiya va Ruminiyaga keladi. Tokiodan parvoz qilishga otlangan hukumat rahbari ko‘rsatilgan davlatlar rahbarlari bilan KXDR muammosi hamda boshqa xalqaro masalalarni muhokama etish niyatidaligini bildirdi.

"Bu mamlakatlar rahbarlari bilan muzokaralar vaqtida Shimoliy Koreya bilan bog‘liq inqiroz bo‘yicha jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalarga doir hamkorlik davom ettirilishini tasdiqlamoqchiman", - deya aytib o‘tdi u NHK telekanali efirida.

Taxminlarga ko‘ra, Abening Estoniyaga tashrifida xavfsizlik masalalari alohida o‘rinni egallaydi. Kutilishicha, u Estoniya bosh vaziri Yuri Ratas bilan kibermakondagi hamkorlikni muhokama qiladi. 

Bosh vazir bilan safarga chiqqan kompaniyalar orasida avtomobil ehtiyot qismlari va transport korporatsiyalari bor. Ular Boltiqbo‘yi va Yevropa janubi-sharqidagi nisbatan arzon ishchi kuchidan, shuningdek mintaqa iqtisodiy o‘sishidan manfaatdor. 

"Barcha olti mamlakat Yaponiya bosh vaziri birinchi marta tashrif bilan borayotgan davlatlarga aylanadi, bu Yaponiya tashqi siyosati obro‘si va ta'sirini oshiradi", - degan Abe.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid