O‘zbekiston | 15:31 / 13.01.2018
7745
4 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways va Incheon – hamkorlikning ilk natijalari qanday?

Foto: O‘zbekiston havo yo‘llari

Milliy aviakompaniya direksiyasida Seulning «Inchxon» aeroporti mutaxassislari bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasi samaradorligini oshirish yuzasidan konsalting xizmatlari ko‘rsatishning birinchi bosqichi natijalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

«O‘zbekiston havo yo‘llari» bilan «Inchxon» xalqaro aeroporti o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifi chog‘ida imzolangan edi.

«Inchxon» xalqaro aeroporti mutaxassislarini «Toshkent-2» yo‘lovchi terminali ishini yaxshilashga jalb etish bo‘yicha tadbirlar rejasi hayotga tatbiq etilmoqda. Zarurat bo‘lganda, koreyalik mutaxassislar doimiy asosda aeroportda ishlash uchun jalb etiladi. Shuningdek, Janubiy Koreyada MAK xodimlari uchun aeroport xizmatlari va inshootlarining samarali ishlashini tashkil etish masalalari yuzasidan o‘quv seminari tashkil etiladi.

Aeroport faoliyatini tahlil etishning birinchi bosqichida Koreyadan tashrif buyurgan sakkiz mutaxassis ishtirok etdi. Uchrashuvda konsultantlar terminal ishini optimallshtirish bo‘yicha o‘zlarining birinchi tavsiya va takliflarini berdilar, shuningdek havo maskani ishini baholadilar. Konsultantlardan biri Park Chan-kyu shunday dedi:

– Birinchi navbatda biz aviakompaniya xodimlariga maksimal darajada samarali bo‘lgan o‘zaro hamkorliklari uchun minnatdorchilik bildirishni xohlar edik. Bu mening O‘zbekistonga uchinchi tashrifim, o‘tgan safar men bu yerda oktabr oyida bo‘lgan edim. Eng muhimi, bugun, yanvarda men Toshkentga uchib kelib yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tezligi sezilarli oshganining guvohi bo‘ldim. Ilgari havo kemasi yetib kelgach, aeroportdan chiqish o‘rtacha ikki soatni tashkil etgan bo‘lsa, hozir birinchi yo‘lovchi havo kemasi yetib kelgach 21 daqiqa ichida, oxirgisi esa 33 daqiqa ichida aeroportdan chiqib ketmoqda. Bunday o‘zgarishlar bizni quvontirdi – shunday qisqa vaqt ichida sizlar katta ishni amalga oshirdinglar. Mutaxassislarning ishga tez va omilkorlik bilan yondashganligi ko‘rinib turibdi, «yashil» va «qizil» yo‘laklarning ochilishi esa yo‘lovchilar tomonidan barcha zarur tartib–taomillarni o‘tashlarini anchagina tezlashtirdi.

Koreyalik hamkasblarning «Toshkent» aeroporti hududidan, shu jumladan aeroportning shahar tarafiga birikib ketgan hududdan foydalanish samaradorligini oshirish va optimallashtirish, kutib oluvchi va kuzatuvchilar uchun servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha takliflari muhokama qilindi

«Inchxon» aeroporti mutaxassislari tomonidan konsalting xizmatlari ko‘rsatishning birinchi bosqichi natijalari bo‘yicha uchrashuv Koreya xalqaro aeroportining o‘zida ikkinchi yo‘lovchi terminali ochilishi bilan bir kunga to‘g‘ri kelganligi ramziy ma'noga ega. Muhokama so‘ngida konsultantlar guruhi rahbari Park Kyu–Syon u va uning hamkasblari Toshkent terminali dunyoning eng yaxshi aeroportlaridan biri bo‘lgan «Inchxon» aeroporti singari yuqori darajada ishlashi uchun barcha sa'y-harakatlarni qilishlarini ta'kidladi.

Mavzuga oid