Jamiyat | 13:52 / 16.01.2018
36766
5 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahar gaz idorasida tartib bormi?

Foto: KUN.UZ

Tahririyatga kelgan arznomani o‘qib, zudlik bilan tanqidiy maqola yozish niyatida bo‘lmaymiz. Andijon shahar, Dehqonobod mahallasidan yuborilgan murojaatlarni o‘rganish asnosida, shahar gaz idorasi bilan ko‘p bora bog‘lanib, maqola chop etilmasdan ijobiy chora ko‘rilishini kutdik. Afsuski, hech qanday natija bo‘lmadi.

Andijon shahridagi Dehqonobod mahallasi, M. Soliyev 4,5,6 tor ko‘chalari 2011-yili tabiiy gaz ta'minotidan uzib qo‘yilgan. Bizga 5- tor ko‘chada istiqomat qiluvchi aholi murojaat qilgan bo‘lib, mazkur ko‘cha fuqarolari qishning sovuq kunlarida xonadonlarini isitishga qiynalayotganini bayon qilishgan.

O‘sha joyga borib muammoni tahlil qilganimizda shunisi aniq bo‘ldiki, ko‘cha va Andijon shahar hududiy gaz ta'minoti idorasi o‘rtasidagi holat umuman chigal vaziyatda ekan.

“Ko‘chamiz 2011- yili tabiiy gaz tarmog‘idan uzilganligi sababini aniqlamoqchi bo‘lib, Andijon shahar hududiy gaz ta'minoti idorasiga xat bilan chiqdik. Viloyat shahar gaz idorasiga qilingan murojaatlarimiz bo‘yicha, Andijon shahar hududiy gaz ta'minoti idorasi Andijon shahar hokimligining 2015 yil, 20 may kungi yig‘ilish bayoniga asosan ko‘chamizni tarmoqdan uzoqligi sabab, suyultirilgan gaz ta'minotiga o‘tkazilganini bildirdi”, deyiladi murojaatda.

Buni qarangki, gaz idorasi M. Soliyev 5- tor ko‘chaga nisbatan majlis bayonida yozilgan bandlarni amalga oshirish bilan umuman shug‘ullanmagan. Yuqorida keltirilgan shahar hokimligi majlis bayonining bandlarida filial tomonidan MFYlar kesimida tabiiy gaz yetib bormaydigan aholi va ulgurji iste'molchilar ro‘yxatini mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlatish, ularni joriy yil oxirigacha oyma-oy suyultirilgan gazga o‘tkazish bo‘yicha grafiklar ishlab chiqilishini ta'minlash, shahar bo‘yicha yoz va qish mavsumlarida gaz tanqisligi va yetib bormaydigan hududlardagi aholi hamda ulgurji iste'molchilarning bosqichma-bosqich tarmoqdan uzilishi va zaxira yoqilg‘isi bilan ta'minlanishi to‘g‘risida tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot olib borish vazifasi belgilangan. Ammo, o‘sha tabiiy gaz yetib bormaydigan va suyultirilgan gaz bilan ta'minlanishi kerak bo‘lgan aholi ro‘yxatida 5-tor ko‘cha yo‘q edi.

Aholi shundan kelib chiqib, ko‘chaning tabiiy gazdan uzilishini noqonuniy deb hisoblamoqda. Chunki, gaz ta'minoti idorasining mutaxassislari yuqoridagi holatni o‘rganib, o‘zlarida haqiqatdan ham shunday hujjat yo‘qligini bildirishdi. Shunday qilib, 5- tor ko‘chada tabiiy gaz uzilgan bo‘lsa-da, ko‘cha suyultirilgan gazga o‘tganlar qatorida mavjud emas. E'tiboringizga, gaz idorasi tomonidan 2017 yilning 25 dekabr sanasida taqdim etilgan o‘sha hujjatni havola etamiz.

O‘tgan yillar davomida qilingan murojaatlar esa natija bermadi. M.Soliyev ko‘chasidagi 1 va 3 tor ko‘chalar, boshqa qo‘shni ko‘chalarga tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Ammo o‘rtadagi tor ko‘chalarda yashovchi 100 ta xonadon tarmoqdan uzilgan. Nahotki, gaz idorasi tahlil va jadvallarsiz ish olib borib, aholi arzlarini hal etishni o‘ylamasa?

Aholi xonadonda foydalanish uchun gaz ballonlari sotib olgani bilan gaz idorasi ballonlarni ikki-uch oyda bir marotaba, ming to‘polonlar bilan to‘ldirib beryapti.

Dehqonobod mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida bo‘lib, holatni o‘rganganimizda hududda 8150 nafar aholi yashashi, xonadonlar soni 1750 ta ekanligini bildirishdi. 2017-yil davomida esa gaz idorasi tomonidan xonadonlarga jami 50 donagina gaz ballonlari berilibdi, xolos.

Andijon shahar hududiy gaz ta'minoti idorasi boshlig‘i Akmaljon Sotvoldiyev yuqoridagi muammolarni o‘rganishga va'da bergan bo‘lsa-da, hech qanday natija bo‘lmadi.

A. Sotvoldiyevga bundan ikki oy oldin shahardagi 8- son mahallasida yashovchi fuqaroning tabiiy gazdan 2 million 688 ming haqqi bo‘lsa-da, gaz idorasi MIB tashkilotiga uni qarzi borlar qatoridagi ro‘yxatga qo‘shib chiqargani haqidagi murojaatini ham yetkazgan edik. O‘sha fuqaroga ham hech qanday amaliy yordam berilmadi..

Agar gaz idorasida ish yuritish tartibi bo‘lganida har bir shikoyatni o‘z vaqtida o‘rganib, javob bergan bo‘lar edi.

Nahotki, mutasaddi fuqarolar murojaatini tezkorlik bilan hal qilish eng dolzarb vazifasi ekanligini tushunmasa?

KUN.UZ nashri mutasaddilardan yuqoridagi holatlar bo‘yicha javob kutib qoladi.

Mavzuga oid