O‘zbekiston | 16:30 / 18.01.2018
27694
2 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘beda yongan avtobusning egasida yo‘lovchi tashish uchun litsenziya bo‘lmagan

Foto: Qozog‘iston FVV

Payshanba kuni ertalab Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan fojia oqibatida yonib ketgan va 52 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan avtobusning egasi yo‘lovchi tashish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan. Bu haqida Qozog‘iston investitsiyalar va mamlakatni rivojlantirish vazirligi axborot xizmatiga tayanib, RIA Novosti xabar bermoqda.

Bugun ertalab qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be viloyatining Irg‘iz tumanidan o‘tuvchi Samara – Chimkent avtomobil yo‘lining 1068-kilometrida ichida 57 kishi, jumladan, 2 nafar haydovchi bo‘lgan avtobus alanga iskanjasida qoldi. Qozog‘iston hukumati vakillarining ma'lumotlariga ko‘ra, yong‘in tufayli 52 kishi halok bo‘lgan, besh kishi — ikki nafar haydovchi va uch yo‘lovchi qutilib qolgan, ular o‘rtacha og‘irlikdagi kuyish bilan jarohatlanishgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar o‘zbekistonlik, haydovchilar qozog‘istonlik bo‘lishgan.

«Avtobus: Kassbohrer Setra X335RSM. Egasi: Mextiyev Orduxan Sabirogli. Ishlab chiqarilgan yili: 1989 yil. Sig‘imi: 59 kishi. Muntazam qatnovlar ro‘yxatida: mavjud emas. Muntazam bo‘lmagan yo‘lovchi tashish uchun litsenziyasi (ijara shartnomasi bo‘yicha ishlashga ruxsat nazarda tutilmoqda): yo‘q», — deyiladi idoraning xabarida.

Idoraning ma'lumotiga ko‘ra, avtobus majburiy texnik ko‘rikdan 2015 yilning 17 avgustida o‘tgan va uning muddati 2016 yilning 17 fevralida tugagan.

Mavzuga oid