O‘zbekiston | 14:30 / 18.01.2018
38720
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati fojia joyiga samolyot jo‘natmoqda

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi hukumati bugun ertalab Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida avtobusning yonishi natijasida halok bo‘lgan 52 nafar o‘zbekistonlikning jasadini vatanga keltirish uchun samolyot hozirlamoqda. Kun.uz nashrining Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbasi ma'lumot berishicha, ayni paytda reys Toshkentdan uchishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Ayni shu daqiqalarda Toshkentdan reys amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi avtobusda bo‘lgan fuqarolarning shaxsini aniqlash ustida ish olib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tayyor turibdi, jamoa shakllantirilgan. Umumiy guruh tayyor bo‘lganida samolyot uchadi», — dedi manba.

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida, «Samara-Chimkent» yo‘lida 52 nafar o‘zbekistonlik yonib ketgan avtobus Janubiy Qozog‘iston viloyatidan Rossiya tomon harakatlanayotgandi. Avtobusda jami 57 kishi bo‘lgan, ularning 5 nafari omon qolgan, shundan 3 kishi qozog‘istonlik, 2 kishi o‘zbekistonlik.

Qozog‘istonda Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan voqeaning sabablarini o‘rganish va jabrlanganlar hamda ularning oilalariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish uchun maxsus hukumat idoralararo komissiyasi tuzilgan.

Mavzuga oid