Jahon | 19:50 / 21.01.2018
22311
2 daqiqa o‘qiladi

Asad Suriyaga bostirib kirgan Turkiyani jiddiy aybladi

Foto: AP

Suriya prezidenti Bashar Asad Turkiyaning Afringa hujum qilishi turkiyaliklar terrorchilarni qo‘llab-quvvatlayotganidan darak berishini aytib o‘tdi.

«Turkiyaning Afrin shahriga surbetlarcha hujum boshlashi mintaqadagi inqirozni keltirib chiqargan turk siyosatining davom ettirilishidir. Bu rejim terrorizmni va turli terroristik tuzilmalarni qo‘llab-quvvatlaydi», degan Suriya rahbari.

U bugun Damashqda Eron strategik tashqi aloqalar kengashi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Bugun Turkiya «Zaytun butog‘i» amaliyoti doirasida quruqlikdagi harbiy harakatlarni boshladi.

Anadolu axborot agentligi ma'lumotiga ko‘ra, turkiyalik harbiylar hech bir qarshilikka uchramasdan Afrin tomon yurmoqda. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erodo‘g‘an esa kurd bo‘linmalari jangarilari «qochayotgani» va amaliyot tez orada yakunlanishi haqida aytdi.

O‘z navbatida kurdlarning Afrindagi vakili Turkiyaning bayonotini rad etdi va turkiyalik harbiylar hamda ularning ittifoqchilari bo‘lmish Suriya ozodlik armiyasi harbiylari jiddiy qarshilikka uchrayotganini ma'lum qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid