O‘zbekiston | 18:38 / 26.01.2018
10266
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar qildi.

Parlament a'zolari ikkinchi o‘qishda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qildilar. Loyiha davlat xaridlarini tartibga soluvchi hamda amaldagi mavjud qarama-qarshiliklarni va eskirgan normalarni bartaraf etishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir kuchiga ega yagona qonun hujjatini o‘zida kasb etadi. Qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida ekspert birlashmasi bilan maslahatlar olib borildi. Deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Bosh prokuratura, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi, biznes, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan birgalikda qonun loyihasi oxirgi tahriri ishlab chiqildi. Ushbu sohadagi xalqaro tajriba o‘rganib chiqildi.

Majlisda ta'kidlanganidek, maromiga yetkazish jarayonida qabul qilinayotgan qonunning amaliy ahamiyatini oshirishga alohida e'tibor qaratildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishga yo‘naltirilganlik, davlat xaridlari bozorida tadbirkorlik sub'yektlarining halol raqobatli kurashi uchun sharoitlar yaratish, ushbu sohada davlat va jamoatchilik nazoratining ta'sirchan mexanizmlarini ta'minlash maqsadida davlat xaridlarini elektron shaklga o‘tkazish loyiha qoidalarining muhim jihatlaridir.

Deputatlarning fikriga ko‘ra, ushbu qonunning qabul qilinishi byudjyet mablag‘laridan va boshqa markazlashtirilgan manbalardan, kredit resurslaridan Hukumat kafolati ostida imkon qadar samarali hamda oqilona foydalanishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, davlat sektori ma'qul muddatlarda «narx-sifat» o‘rtasidagi maqbul nisbat bo‘lgan holda zarur tovarlar, ishlar va xizmatlar bilan zarur miqdorda ta'minlanadi.

Qonunning amalga oshirilishi mamlakat sotsial-iqtisodiy rivojlanishining jadallashuviga ham imkon berishi qayd etildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va kichik biznes sub'yektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta'minlash, davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning zamonaviy uslublarini qo‘llash orqali ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirish borasida salmoqli ko‘mak oladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi normalarini takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Xususan, takliflar davlat xaridlari tartib-taomilini amalga oshirish, shartnoma tuzish va uni ijro etish, yetkazib beruvchi va buyurtmachi o‘rtasida yuz berishi mumkin bo‘lgan nizolar hamda kelishmovchiliklar ustidan shikoyat qilish, ularni hal etish chog‘ida shaffoflikni ro‘yobga chiqarishga tegishlidir.

Shundan so‘ng «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi va Oliy Majlis Senatiga yuborildi.

Mavzuga oid