Jamiyat | 21:20 / 28.01.2018
12752
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy maqom san'ati rivojlanadi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Shahrisabz shahrida bo‘ldi. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahridagi Oqsaroy majmuasi oldida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san'ati anjumani uchun sahna va maydon, Maqom markazi va muzeyini barpo etish loyihalari bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev maqom festivalini sayil tarzida, madaniyat bayrami sifatida o‘tkazish zarurligini ta'kidladi. 

Davlat rahbari mamlakat maqom san'ati ustalari bilan uchrashdi. Ular bilan maqom san'ati istiqbollari, xalqaro maqom san'ati anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish  borasida suhbatlashdi.

«Mashhur san'atkorimiz Yunus Rajabiydan keyin, afsuski, hech kim maqom san'atini rivojlantirish bilan jiddiy shug‘ullanmadi. Maqom san'ati ustalari juda kam qolgan. Ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak», degan davlat rahbari.

Prezident 2017 yil avgust oyida Toshkentdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrifi chog‘ida qator masalalar qatorida Shahrisabz shahrida maqom kechalarini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Ayni vaqtda milliy o‘zlikni anglash, madaniyatni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini yuksaltirishda maqom san'atining keng imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada davlat rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘risida»gi qarori qabul qilinib, ijrosiga kirishildi.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2018 yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san'ati anjumanini o‘tkazish rejalashtirilgan.

UzA Qarshiyev Aziz
Tayyorlagan UzA Qarshiyev Aziz
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid