Jamiyat | 10:11 / 31.01.2018
28471
2 daqiqa o‘qiladi

Haydovchi bong uradi: Chilonzor tumanlararo RIBning bir kuni

Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri Husan Mamasaidov o‘z sahifasida Toshkent shahar IIBB Chilonzor tumanlararo RIB bo‘limidagi xizmat ko‘rsatish tizimining talabga javob bermaydigan ahvolidan yozg‘iradi va fotosuratlar ilova qiladi.

«Davlat xizmatlari va monopoliyaning ahvolidan yana bir yaqqol misol», deb boshlaydi u o‘z postini.

«Biz notarial idorada otamning nomidagi avtomashinaga yangi ishonchnoma qilishimiz zarur bo‘lib qoldi. Propiska manzili o‘zgarganligi sababli, YHXBdan yangi texpasport olish kerakligini aytishdi.

Birgina texpasportni almashtirish uchun butun ish kuni va bir vagon asablar sarflanar ekan!

Chilonzor tumanlararo RIBda davlat xizmatlari uchun mamlakat g‘aznasiga yaxshigina to‘lov qilayotgan fuqarolar/haydovchilar uchun hech qanday sharoitlar yo‘q.

Tor koridor, navbatlardagi tartibsizlik, haydovchilarga nisbatan qo‘pol muomala. Shuncha odamga bor-yo‘g‘i ikkitagina darcha xizmat ko‘rsatmoqda.

Bu masalalar uchun mas'ul kim o‘zi? Nahotki mutasaddilar va YHXB rahbariyati bu masalalar va insonlarga nisbatan bunday munosabatga befarq bo‘lsa?!

Bunday masalalarni OAVda ko‘tarib, bu haqda fikr yuritish uchun allaqachon fursat yetgan», deb tugatadi Husan Mamasaidov o‘z postini.

Uning xitobida ommaviy axborot vositalari tomon ham xitob bo‘lgani bois, biz ushbu murojaatni mutasaddilar o‘qisin, degan maqsadda yoritishga qaror qildik. Endigi qadam mutasaddilardan...

Foto: Facebook.com
Foto: Facebook.com
Foto: Facebook.com
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid