Jahon | 09:06 / 31.01.2018
8198
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Obamaning Guantanamo turmasini yopish haqidagi farmonini bekor qildi

Foto: Joe Raedle/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp 30 yanvarda o‘zidan avvalgi prezident Barak Obamaning Kubadagi Guantanamo maxsus turmasini yopish haqidagi farmonini bekor qildi. Bu haqda Oq uy xabarida ma'lum qilingan.

Xabarda ta'kidlanishicha, Trampning farmonida “AQSh zarurat bo‘lganda turmaga mahbuslarni jo‘natish imkonini saqlab qoladi”.

“Ish terrorchilikka borganda, biz davlatimizni himoya qilish uchun barcha zarur ishni amalga oshiramiz. Prezidentning yangi harakatlari terrorchilik tahdidini bartaraf etish uchun zarur vositalar va imkoniyatlarni saqlab qolish uchun hayotiy muhim ahamiyatga egadir. Qurolli ixtilof vaqtida dushmanlarni qo‘lga olish jangovar harakatlarni olib borishning qonuniy va zaruriy vositasi hisoblanadi”, deyilgan xabarda. Oq uy xabarida ta'kidlanishicha, Guantanamo turmasidan ozod qilingan yuzdan ko‘proq odam yana janglarda ishtirok etgan, ba'zilari esa AQSh boshchiligidagi koalitsiya a'zolari va amerikaliklarni o‘ldirgan. 

Guantanamo turmasiga 2002 yilda AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Kichik Jorj Bush boshchiligidagi ma'muriyat tomondan asos solingan. Bu turmada terrorchilikda gumon qilinuvchilar saqlanadi. Obama prezident vakolatlarini bajarishga kirishishi bilanoq turmaning bir yil ichida yopilishi haqidagi farmonni imzolagan, biroq kongress qarshiligiga uchragan.

Guantanamo turmasi mavjudligi huquq himoyachilari tomondan tanqid qilinadi. Obama prezidentligi vaqtida bu turmadan deyarli 200 mahbusni ozod qilishga ko‘rsatma bergan. Hozir turmada 40 ga yaqin mahbus qolmoqda. Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida turmani yopmasligini aytgandi. U, shuningdek, turmadan mahbuslarni ozod qilib bo‘lmasligini, chunki ular yana terrorchilik faoliyatiga qaytishlari mumkinligini aytgan. 

Tramp, shuningdek, kongressdagi “Mamlakat mavqei haqidagi” nutqida AQShda 2018 yildan turmalar isloh qilinishini aytdi.  

“Joriy yilda o‘z vaqtida jazo muddatini o‘tagan sobiq mahbuslarga ikkinchi imkoniyatni berish uchun yordam maqsadida turmalarimizni isloh qilishni boshlaymiz”, deb aytgan Tramp.

Mavzuga oid