Sport | 15:00 / 02.02.2018
15053
12 daqiqa o‘qiladi

Hafta o‘yinlari. Uolkott endi «Arsenal»ga qarshi, Ispaniyada azaliy derbi

«Tribuna» yana Yevropa chempionatlaridagi navbatdagi turlarning eng muhim o‘yinlari bilan tanishtiradi.

LeSTeR SITI – SUONSI SITI (3 fevral, 20:00)

«Shaharliklar» derbisi. Balki ikki hafta oldin bu o‘yinning yakuni oldindan ma'lum yoki u qadar qiziq emasdek tuyulishi mumkin edi. Ammo ayni paytda «Suonsi»ni e'tiborsiz qoldirish mumkin emas.

Uelsliklar so‘nggi ikki turda «Liverpul» va «Arsenal» ustidan g‘alabaga erishishdi. Hali ham xavfli zonada bo‘lgan jamoa har bir o‘yinda ochko olishga urinishi tabiiy. «Lester» ham autsayderlardan u qadar uzoqlashib ketmaganini e'tiborga olsak, ayniqsa, jamoaning mana shunday o‘yinlarda ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q.

Shuningdek, bu o‘yinda mehmonlar tarkibida Andre Ayyu ham debyut qilinishi mumkin. «Vest Hem»dan sotib olingan va jarohati tiklangani aytilayotgan futbolchi ukasi Jordan bilan birgalikda juda xavfli tandem bo‘lishini kutish mumkin. «Lester» tarkibida esa, Riyoz Mahrezning holati so‘roq ostida – u amalga oshmay qolgan transferi tufayli arazlab mashg‘ulotlarga kelmagan va «Everton» bilan o‘yinda maydonga tushmagandi. Bundan tashqari, mezbonlar sardori Ues Morgan hali o‘ynashga tayyor emas.

Jamoalarning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan o‘yinida «Lester» safarda 2:1 hisobida ustun kelgandi.

ARSeNAL – EVeRTON (3 fevral, 22:30)

Nihoyat yangilangan «Arsenal»ni tomosha qilmoqchi bo‘lganlar bu o‘yinni o‘tkazib yubormasin. Yangi kelib qo‘shilgan Genrix Mxitaryan va Per-Emerik Obemeyang bu o‘yinda to‘liq holda o‘z salohiyatlarini namoyish qilishlari mumkin. Albatta, O‘zilning klub bilan shartnomani uzaytirishi londonliklar uchun yana bir ajoyib xabar bo‘ldi va endi «Arsenal» kelajagi haqida optimistik qarashlar ko‘payishi tabiiy.

Ammo mavsum davom etmoqda va APLdagi muammolarni yechish yanada og‘irroq. «Arsenal» 4-o‘rindagi jamoadan 8 ochko ortda qolmoqda va asosiy raqiblarning o‘yini kuchayib borayotganini e'tiborga olsak, ochko yo‘qotish sira mumkin emas. «Arsenal» «Everton»ga qarshi safarda ushbu mavsumdagi eng chiroyli o‘yinlaridan birini namoyish qilgan va 5:2 hisobida ustun kelgandi.

«Everton» tarkibiga qo‘shilib, o‘tgan turda «Lester» darvozasiga dubl qayd etgan Teo Uolkotning «Arsenal»ga qarshi harakat qilishini kuzatish ham juda qiziq bo‘lsa kerak.

BORUSSIYa M – RB LeYPTsIG (3 fevral, 22:30)

Bundesligada chempion qaysi jamoa bo‘lishi haqidagi savol o‘rtadan ko‘tarilgan bo‘lsa kerak. «Bavariya» eng yaqin ta'qibchisidan 16 ochkoga ilgarilab ketgan.

Ammo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan qolgan uch o‘rin uchun 6 jamoa da'vogarlik qilmoqda. 2-o‘rindagi «Bayyer» va 7-o‘rindagi Menxengladbax jamoasini atigi 3 ochko ajratib turibdi xolos.

O‘tgan mavsum kashfiyoti «RB Leyptsig» ham mana shu guruh jamoalari ichida. Demak bu o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa kuchli to‘rtlikka kirib olishi mumkin.

Bu jamoalar o‘rtasida o‘tgan avvalgi 3 o‘yin ham keskin kurashlarga boy o‘tganini ta'kidlash kerak va bu o‘yinlarda hali «Borussiya» birorta ham g‘alaba qozona olmagan.

Bu o‘yinda har ikki jamoada bittadan yosh yulduz debyut qilishi mumkin. «Vest Hem»dan ijaraga olingan Ris Oksford mezbonlar safiga kelib qo‘shilgan bo‘lsa, «Leyptsig» «Everton»dan Ademola Lukmanni ijaraga oldi. Shuningdek, mehmonlarning yetakchi futbolchisi Emil Forsberg ham ushbu o‘yinda maydonga qaytishi mumkin.

ESPANOL – BARSeLONA (4 fevral, 20:15)

Kataloniya derbisini Madrid yoki Milan derbisiga qiyoslash noo‘rin, jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi 23 o‘yindan 16tasini «Barselona» yutgani ham juftlikdagi nomutanosiblikni ifodalaydi.

Ammo har qanday holatda ham «Espanol» bu o‘yinga alohida tayyorgarlik ko‘rishini va hech bo‘lmasa, o‘yin oldidan intriga mavjudligini tan olish kerak. Yuqoridagi statistikaga boshqa tomondan qarasak, «Espanol»o‘z maydonidagi «Barselona»ga qarshi har ikki o‘yinning birida jidddiy qarshilik ko‘rsatgan va har uch o‘yindan birida ochko olishga muvaffaq bo‘lgan.

Uzoqqa borish shartmas, mana shu yanvar oyida, Ispaniya kubogida chorak finalida bu jamoalar to‘qnash keldi va «Espanol» o‘z maydonidagi o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi.

Shuningdek, mezbonlar xavfli zonadan u qadar uzoqlashib ketmaganliklarini va ikkinchi davrada har bir ochko suv va havodek zarur ekanini e'tiborga olish lozim.

O‘yin yakshanba kuniga, juda erta qo‘yilgani ham mehmonlarning zarariga ishlaydi. «Barselona» kecha oqshomda «Valensiya»ga qarshi kubok yarim finalida  maydonga tushdi va navbatdagi turgacha to‘liq ikki kun tanaffus qilish imkoni bo‘lmagani Valverde uchun yana bir boshog‘riq bo‘lishi turgan gap.

To‘g‘ri, o‘yin favoriti «Barselona», bu jamoada g‘alaba qozonish imkoniyati katta. Shunchaki, qiziqtirish uchun «Espanol»ning ustunliklarini sanadik xolos. 

LIVeRPUL - TOTTeNHEM  (4 fevral, 21:30)

Ushbu mavsumda Angliyadagi Top-6 yana bir, avvalgi mavsumlarda ko‘zga tashlanmagan jihatni ham ko‘rsatmoqda. APLning top klublari o‘z maydonida juda ishonchli to‘p surishmoqda. «Chelsi»ni e'tiborga olmasak, «MYu», «Tottenhem» va «Arsenal» klublari faqat bir martadan o‘z maydonlarida mag‘lubiyatga uchrashgan. «Liverpul» va «Siti»da bunday mag‘lubiyatlar umuman yo‘q. Agar «Siti»ning barchadan ustunligini tan olsak, qolgan top klublar o‘rtasidagi 13 o‘zaro o‘yinning atigi 2tasida mehmonlarning qo‘li baland kelgan xolos. Ya'ni ushbu mavsumdagi top o‘yinlarning ko‘pida mezbonlar ustunlik qilishmoqda va kerakli natijani qayd etishmoqda.

Bu raqiblar mana shu statistikaning eng yorqin namoyondalari – «Liverpul» o‘z maydonida biror marta mag‘lub bo‘lmadi, «Tottenhem» esa, safarda «Siti», «Arsenal», «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘ynab, barchasida mag‘lubiyatga uchradi.

Shu tufayli, «Liverpul»ning bu o‘yinda ustunlik qilishini taxmin qilish mumkin, ammo «Tottenhem» ham, ayniqsa, yetakchi futbolchilar maydonga qaytib, «Manchester Yunayted»ni ne ko‘yga solganini e'tiborga olsak, o‘yin juda qiziqarli bo‘lishini kutish mumkin.

O‘yinning turnir nuqtai nazaridan ham ahamiyati yuqori. «Liverpul» 50 ochko bilan uchinchi, «Tottenhem» esa atigi 2 ochko kam to‘plab, 5-o‘rinda bormoqda. Mezbonlarning g‘alaba qozonib, eng yaqin ta'qibchini sezilarli farq bilan ortda qoldirish imkoniyati bor, «Tottenhem» esa, agar yutsa, uzoq tanaffusdan so‘ng yana to‘rtlikka qaytadi. Londonliklar so‘nggi ikki mavsumda aynan ikkinchi davrada yaxshi ochko to‘plab, yuqori o‘rinlarni egallagan. 

Jamoalarning «Uembli»dagi o‘yini esingizda bo‘lsa, Pochettino jamoasi raqibga umuman imkoniyat qoldirmagan va yirik hisobda mag‘lub etgandi.

ATLeTIKO – VALeNSIYa (4 fevraldan 5 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

«Real» qatorasiga ikki g‘alaba bilan bu jamoalarga yaqinlashib kelmoqda. «Barselona»ning yetib bo‘lmas darajada ilgarilab borayotganini e'tiborga olsak, 2-o‘rin ham bu jamoalar uchun juda yaxshi natija sifatida baholanishi tabiiy.

So‘nggi yillarda «Atletiko» valensiyaliklarning asr boshidagi uchinchi ispan jamoasi maqomini tortib olgan bo‘lsa-da, «ko‘rshapalaklar» Madridda yomon o‘yin ko‘rsatishmaydi. «Atletiko»ga qarshi so‘nggi 8 safar o‘yinining yarmida «Valensiya» yutqazmaslikni uddalagan.

«Valensiya»ga yuqorida ham tilga olingan sabab xalaqit beradi – jamoa uch kun ichida ham Barselonaga, ham Madridga safar qilishi va muhim uchrashuvlarda maydonga tushishi juda qiyin bo‘lishi tayin. O‘z navbatida, «Atletiko»da ham muammolar bor: Kosta, Gaytan, Filipe Luis va Gemeyroning mashg‘ulotlarga qaytgani aytilayotgan bo‘lsa-da, ularning o‘yin boshidan jamoaga yordam bera olishlari so‘roq ostida.

Birinchi davradagi o‘yin «Valensiya»ning yaqqol ustunligida o‘tgan, lekin hisob ochilmagandi.

MONAKO-LION (4 fevraldan 5 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)

Bu o‘yinni ham turnir e'tibori bilan Ispaniyadagi yuqorida tilga olingan uchrashuvga qiyoslash mumkin. «Lion» 48 ochko bilan ikkinchi o‘rinda, «Monako» esa to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa hisobida 47 ochko bor. Farqi, Fransiyada kuchli to‘rtlikni ta'qib qilayotgan «Nant» ancha ortda qolib ketgan.

Boshqa tomondan bu omil jamoalarning yanada hujumkor, muxlislarbop o‘yin ko‘rsatishlariga ham sabab bo‘lishi mumkin. Zero birinchi davrada Lionda bo‘lib o‘tgan o‘yin barchaning esida bo‘lsa kerak. Faqatgina Fekirning 90+5 daqiqada urgan goli mezbonlarga 3:2 hisobidagi g‘alabani taqdim etgandi.

BOShQA O‘YINLAR:

3 fevral: Byornli – MANCheSTeR SITI (17:30), Maynts – BAVARIYa (19:30), MANCheSTeR YuNAYTeD – Haddersfild Taun (20:00), Lill – PSJ (21:00), INTeR – Krotone (3 fevraldan 4 fevralga o‘tar kechasi, 00:45), Levante – ReAL (3 fevraldan 4 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

4 fevral: Verona – ROMA (16:30), YuVeNTUS – Sassuolo (19:00), Udineze – MILAN (19:00), Bonevento – NAPOLI (4 fevraldan 5 fevralga o‘tar kechasi, 00:45),

Uotford – CheLSI (5 fevraldan 6 fevralga o‘tar kechasi)

UzA Qarshiyev Aziz
Tayyorlagan UzA Qarshiyev Aziz
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid