O‘zbekiston | 01:06 / 07.02.2018
10871
4 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy ish materiallari qachon qaytariladi?

Foto: iStock

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish materiallarini qaytarish uchun asoslar mustahkamlangan. 29.01.2018 yildagi O‘RQ-463-son Qonun bilan tegishli qo‘shimchalar kiritildi.

Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzgan organga (mansabdor shaxsga) ish materiallari uchta holatda qaytarilishi mumkin, deb yozmoqda Norma.uz.

Birinchidan, agar ma'muriy ish uni olgan organga yoki mansabdor shaxsga taalluqli bo‘lmasa (sudloviga tegishli bo‘lmasa).

Masalan, shartnoma intizomini buzganlik (shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga mulkiy zarar yetkazish) uchun ma'muriy jarima iqtisodiy sud tomonidan solinadi. Shu sababli ma'muriy sudga yo‘llangan ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha materiallar qaytarilishi lozim.  

Ikkinchidan, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma MJTKning 281-moddasi talablariga muvofiq kelmasa.

Bayonnomada kelgusida ishni ko‘rib chiqish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan ma'lumotlar: huquqbuzar, bayonnomani tuzgan shaxs, guvohlar (agar ular bo‘lsa) to‘g‘risidagi ma'lumotlar, huquqbuzarlikning mohiyati hamda uning uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ hujjat va h.k. aks ettiriladi. Bayonnoma uni tuzgan shaxs va huquqbuzar (agar bosh tortsa, bayonnomaga bu haqda yozib qo‘yiladi), ehtimoliy guvohlar va jabrlanuvchilar tomonidan imzolanadi. Bundan tashqari, huquqbuzarga uning huquq va burchlari tushuntirilganligi xususida bayonnomaga yozib qo‘yiladi.

Uchinchidan, olingan materiallarda qonunga ko‘ra bayonnomaga ilova qilinishi shart bo‘lgan hujjatlar yoxud ashyoviy dalillar mavjud bo‘lmasa.

1) Tuzatishlar bilan majburiy tartibda yig‘iladigan va ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomaga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati belgilandi. Sodir etilgan huquqbuzarlik turiga qarab ish materiallarida nimalar bo‘lishi shartligi haqida bu yerda yozilgan. 

2) MJTKda ashyoviy dalillarga ta'rif berilmagan. Nazariyada – bu ish uchun ahamiyatga molik holatlarni belgilash vositasi bo‘lib xizmat qila oluvchi, jismoniy alomatlar yoki belgilarga ega bo‘lgan har qanday predmet.

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha shu jumladan quyidagilar ashyoviy dalil bo‘la oladi:

• huquqbuzarlik sodir etish quroli yoki bevosita predmeti. Masalan, qurol-yarog‘, qopqonlar, to‘rlar hamda boshqa ov qilish va baliq tutish qurollari (MJTKning 90-moddasi bo‘yicha) yoki g‘ayriqonuniy ov mahsulotlari (MJTKning 63-moddasi bo‘yicha);
• huquqqa zid qilmishlar obektlariga aylangan predmetlar. Masalan, zarar yetkazilgan mol-mulk (MJTKning 622-moddasibo‘yicha) yoki korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan o‘g‘irlangan mol-mulk (MJTKning 61-moddasi).

Ish materiallari qaytariladigan va yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklar bartaraf etiladigan paytda qonunda belgilangan ishni ko‘rib chiqish va jazoni qo‘llash muddatlari (MJTKning 36 va 305-moddalari) to‘xtatib turilmaydi.

Qonun 1.04.2018 yildan kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid