Jahon | 20:20 / 11.02.2018
80689
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva yaqinidagi aviahalokat. Shu vaqtgacha nimalar ma'lum?

«Saratov avialiniyalari» kompaniyasining Moskvadan Orskka yo‘l olgan An-148 yo‘lovchi samolyoti poytaxt viloyatida halokatga uchradi. Havo kemasi bortida 71 kishi — 65 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan.

Samolyotdagilarning hech biri falokatdan omon qolmadi.

Ushbu yo‘lovchi samolyot butunlay parchalanib ketgan. Uning qoldiqlari Arguntsevo va Stepanovskoye qishloqlari o‘rtasidagi hududdan topildi.

Guvohlar Moskva yaqinidagi aviahalokat tafsilotlarini so‘zlab berishdi. Ma'lum bo‘lishicha, samolyot yerga qulagach, qattiq portlash ovozi baralla eshitilgan. Bu urilish oqibatida samolyot parchalari keng maydon bo‘ylab sochilgan.

«Qattiq shovqin eshitildi. Bu noodatiy ovoz edi. Bu xuddi yadro bombasi portlashi ovozini eslatardi. Ko‘chaga chopib chiqdim. Bu portlash ekan. Uzoqdan osmonda qalin tutun ko‘rindi», degan u.

Hozircha halokat sababi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berilmadi. Samolyot havoda vertolyot bilan to‘qnashib ketgani haqidagi taxminlar tasdiqlanmadi.

«Gazeta.Ru» ma'lumotiga ko‘ra, samolyot aviadispetcherga nosozlik haqida xabar qilgandi. U Jukovskiyga majburiy qo‘nishni amalga oshirishi kerak bo‘lgan.

«Saratov avialiniyalari» kompaniyasiga qarashli ushbu samolyot halokati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi tomonidan RF JK 3-qism, 263-modda bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Voqea joyida tergov guruhi ish olib bormoqda.

Ma'lum qilinishicha, ushbu samolyot tajribali uchuvchi tomonidan boshqarilgan. Valeriy Gubanov shu vaqtgacha 5 ming soatdan ortiq parvoz qilgandi. Bunday tipdagi samolyotni esa 2,8 ming soat davomida boshqargan.

An-148 samolyoti Ukrainada «Antonov» konstruktorlik byurosi tomonidan 2009 yilda ishlab chiqarish boshlangan. Samolyot 83 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, uzoqligi 4400 kilometrgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda foydalaniladi.

Halokatga uchragan samolyot yangi edi.

Mavzuga oid