Jahon | 12:38 / 11.02.2018
19405
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyadagi ixtilofning eng qonli bosqichlaridan biri boshlandi – BMT

Antoniu Guterrish. Foto: EPA

Fevralning ilk haftasida Suriya hududiga berilgan aviazarbalar oqibatida mingdan ko‘proq tinch aholi halok bo‘ldi. Qurbonlar soni ixtilofning butun vaqti davomidagi eng yuqorilaridan biri bo‘ldi. Bu haqda 10 fevralda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ma'lum qildi. 

“Suriya xalqi ixtilofning 7 yili davomidagi eng qonli davrlardan birini boshdan kechirmoqda. Olinayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, fevralning ilk haftasidayoq aviazarbalar oqibatida mingdan ko‘proq odam halok bo‘lgan”, deb aytilgan xabarda. Guterrish Suriyaning chegaralaridan tashqariga chiqib ketayotgan harbiy eskalatsiyadan” xavotir bildirgan.

BMT bosh kotibi ixtilof tomonlariga xalqaro gumanitar huquq doirasida majburiyatlarini unutmaslikni eslatdi hamda “zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatish ustida ish olib borish va bosiqlik ko‘rsatishga” chaqirdi. Guterrish, shuningdek, BMTning Suriyadagi ixtilofni tinchlik bilan hal qilish asosini taklif qiluvchi rezolyutsiyaga muvofiq siyosiy yechimni tezda ilgari surish lozimligini aytgan.

Suriyada 2011 yildan beri hukumat qo‘shinlari hamda Bashar Asadning hokimiyatdan ketishini talab qilayotgan kuchlar o‘rtasida qurolli qarama-qarshilik davom etib kelmoqda. Suriyada urushgacha 20 mln kishi yashagan. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda 5,5 mln suriyalik mamlakatni tark etgan, 6,1 mln kishi mamlakatning turli hududlaridan boshpana topgan, 13,1 mln kishi gumanitar yordamga muhtoj.   

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid