Jahon | 21:09 / 14.02.2018
12993
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonlik o‘z rafiqasining buyragini undan sir tutgan holda sotib yubordi 

Foto: Sputnik

Hindistonlik erkak rafiqasining sepi kichikligidan achchiqlanib, uning buyragini aldov yo‘li bilan sotib yubordi. Bu haqda The Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Ushbu voqea Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida yuz bergan. Jabrlanuvchi Rita Sarkorning aytishicha, u ikki yilcha avval qorin sohasida kuchli og‘riq his qilgan. Shundan keyin ayolning turmush o‘rtog‘i uni Kalkuttadagi xususiy klinikaga olib borgan. Shifokorlar ayolni tekshirgach, unda ko‘richak tashxisini qo‘yishgan va zudlik bilan operatsiya qilinishi kerakligini aytishgan. Biroq jarrohlik amaliyotidan keyin ayolning ahvoli yaxshilanmagan. Biroq shunga qaramay, ayolning eri unga shifoxonaga borishni taqiqlagan va umuman operatsiya haqida hech kimga aytmaslikni buyurgan.    

Yarim yildan keyin 28 yoshli ayol shifokor huzuriga borishga muvaffaq bo‘lgan. U yerda uning chap buyragi yo‘qligi aniqlangan. 

“O‘shanda men erim nima uchun menga operatsiya haqida churq etmaslikni so‘raganini tushundim. U mening buyragimni kelinlik sepim kichik bo‘lgani uchun sotib yuborgan”, deb aytgan ayol.

Ayol politsiyaga murojaat qilgan. Aniqlanishicha, erkak ushbu qabih niyatini amalga oshirish uchun ukasi va onasi bilan til biriktirgan. U va uning ukasi hibsga olinganlar, onasi esa yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. So‘roq vaqtida aka-ukalar ayblarini tan olishgan va Ritaning buyragi qo‘shni shaharlik tadbirkorga sotilganini aytishgan.

Mavzuga oid