Jahon | 08:42 / 18.02.2018
16890
2 daqiqa o‘qiladi

Qora dengizga AQShning ikkinchi esminetsi kirdi

Foto: F

AQSh harbiy-dengiz kuchlarining “Karni” mina tashuvchi esminetsi Qora dengizga kirdi. Bu haqda harbiy-dengiz kuchlarining 6-floti matbuot xizmati ma'lum qildi.

Bundan avvalroq 2017 yilda Suriyadagi aviabazani o‘qqa tutishda ishtirok etgan “Ross” esminetsi ham Qora dengizga kirgandi. Keyinroq unga “Karni” qo‘shilgani ma'lum bo‘lgan. 

Ta'kidlanishicha, kemalarning dengizga kirishidan maqsad “dengizda xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha amaliyot o‘tkazish” va “NATO davlatlari va hamkorlari flotlari jangovar tayyorgarligi va imkoniyatlari hamda mintaqaviy barqarorlikni oshirish” hisoblanadi.

“Biz Qora dengizda tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam aloqalarni yaratish istagidamiz. Bu yerda bo‘lishimiz ittifoqdoshlarga bizning ushbu hududda xavfsizlikni ta'minlashga sodiqligimiz borasida ishonch beradi”, deb aytgan kema sardori Brayan Gallo.

“Ross” esminetsi Aegis raketaga qarshi mudofaa tizimi va “Tomagavk” raketalari bilan qurollangan.

Mavzuga oid