O‘zbekiston | 23:20 / 21.02.2018
74454
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida yana neft va tabiiy gaz konlari topildi

2017 yilning noyabr oyida Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidagi Uchtepa qishlog‘ida olib borilayotgan neft qidirish ishlari davomida tabiiy gaz koni topilgandi.

Ayni paytda soha mutaxassislari tomonidan mazkur kondagi «zangori olov» ne'matini jilovlash ishlari yakunlangan. Kon ochilgan hududga gazni filtrlovchi va tozalovchi uskunalar o‘rnatilib, to‘liq ishga tushdi. Mazkur 3-quduqdan 100 atmosfera bosimida soatiga 2300-2400 kubometr gaz oqimi chiqmoqda.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Yana aynan o‘sha Uchtepa qishlog‘idan yangi neft koni topilgani haqida tarqalgan ma'lumotga oydinlik kiritish maqsadida Buloqboshi tumaniga bordik.

Ma'lum bo‘lishicha, 5-quduqdan mutaxassislar tomonidan olib borilgan burg‘ilash va parmalash ishlari davomida 1250 metr chuqurlikdan istiqbolli neft koni topilgan. Ayni paytda yirik «qora oltin» zaxirasi aniqlangan joyda izlov-qidiruv qudug‘ini demontaj qilish ishlari davom etmoqda. Topilgan neft konining bir kunlik debiti sutkasiga 60 tonnadan ziyod ekanligini aytilmoqda.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Shuningdek, Uchtepa qishlog‘i hududidan yana bir yirik zaxiraga ega gaz koni topilgan. 1134 metr chuqurlikda ijobiy natija bergan quduqda olib borilgan geologik izlanishlar natijasida shunisi ma'lum bo‘ldiki, hozirda 4-quduqning bir kunlik debiti 300.000 m3/sutkani tashkil etmoqda. Bu bir oyda bitta oila o‘rtacha 1000 m3 tabiiy gazdan foydalanadigan bo‘lsa, ushbu quduqning bir kunlik debiti o‘rtacha 300 xonadonni bir oylik gaz bilan ta'minlashi mumkin. Har ikki gaz konida «O‘ztransgaz» AJ, «Andijongaz» hududiy gaz ta'minoti filiali mutaxassislari ish olib bormoqda.  

Foto: Kun.uz

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon                      

Mavzuga oid