Jahon | 19:05 / 22.02.2018
46110
3 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilik guvohnomasini tekshiruvchi yangi qurilma yaratildi

Poytaxtdagi “Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidenti bo‘lgan “My Air Group IT Service” mas'uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan yana bir innovatsion ishlanma yaratildi. Bu haydovchilik guvohnomalarini tekshirishning avtomatlashtirilgan tizimidir, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

 Ayni paytda amaliyotga tatbiq etishga tayyor ushbu loyihaning afzalliklari nimada? 

— U mamlakatimiz ichki ishlar idoralari, xususan, Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari faoliyatida qo‘l keladi, — deydi “My Air Group IT Service” kompaniyasi savdo ishlari bo‘yicha direktor Saidaziz Mirzayev. — Mazkur tizimni amalga oshirish uchun ko‘p funksiyali nazorat kassa mashinasi (KNKM) “ASA” qurilmasidan foydalaniladi. Ya'ni bu qurilma kamera orqali xodimning haydovchi bilan muloqotini videotasmaga yozib olish imkonini beradi.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtomobilni to‘xtatib, KNKM “ASA” qurilmasidagi “Hujjatlarni tekshirish” tugmasini bosadi. Shunda ushbu qurilma avtomatik tarzda kamerani ishga tushiradi.

Bundan tashqari, uskuna YHX xodimining transport vositasini to‘xtatgan vaqtdan boshlab, avtomobil egasi bilan muloqotini uzluksiz ravishda yozadi. Bu esa xizmat vazifasini suiiste'mol qilish yoki haydovchi bilan qo‘pol muomalada bo‘lish kabi kelishmovchiliklarga chek qo‘yadi. Buyurtmachining xohishiga ko‘ra, yozuv avtomatlashtirilgan rejimda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida joylashgan serverga uzatilishi ham mumkin.

Haydovchilik guvohnomasi “ASA” qurilmasining tegishli nuqtasiga yaqinlashtirilsa, onlayn tarzda server bilan sinxronlashuv ro‘y beradi va ekranda haydovchi haqidagi ma'lumot aks etadi. Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlariga doir ro‘yxat (agar ular mavjud bo‘lsa) ko‘rinadi hamda intizomning buzilishi haqidagi axborot ifodalangan chek chiqarib beradi.

KNKM “ASA” barcha turdagi to‘lov manbalari, ya'ni plastik kartochkalar, naqd pul, mobil ilovalarni qabul qiladi.

Mavzuga oid