Jamiyat | 00:55 / 25.02.2018
28544
2 daqiqa o‘qiladi

Do‘konda ishlovchi ona-bola jinoyatchining “dodini berishdi” (video)

22 fevralda AQShning Talsa shahridagi do‘konga miltiq bilan qurollangan jinoyatchi bostirib kirganda, u yerda ishlovchi ikki ayol unga munosib qarshilik ko‘rsata olishdi. Ayollar ona-bola bo‘lganlar.

Jinoyatchi kassadagi pulni tortib olmoqchi bo‘lgan va dastlab barchasi u o‘ylagandek ketgan. Biroq shu kuni do‘konda ishlagan ona-bola bunga yo‘l qo‘ymaganlar. Ayollar kassa stoli ostida yashiringan to‘pponchalarni olib, jinoyatchiga o‘q uza boshlashgan.

Ular shu tariqa jinoyatchini qochishga majbur qilishgan, biroq u do‘konga yana qaytib, ayollarning kattasidan to‘pponchani olib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Bu orada ayolning qizi jinoyatchiga bir necha marta o‘q uzishga ulguradi va jinoyatchini yaralaydi. Ayollar jinoyatchi olingan jarohatlardan o‘zini boshqara olmay qolganidan foydalanib, ko‘chaga qochib chiqishgan.

Mahalliy OAVning xabar berishicha, jinoyatchi politsiyachilar kelguncha qochib ketishga ulgurgan, biroq olgan jarohatlari unga pand bergan. Jinoyatchi shifoxonaga murojaat qilgan va o‘sha yerda qo‘lga olingan. 

Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda jinoyatchi og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida qolmoqda. 

Ayollarga deyarli hech narsa qilmagan, faqat ulardan biri boshidan yengil jarohat olgan.

Mavzuga oid