Sport | 20:20 / 28.02.2018
9112
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Olimpiya qo‘mitasining Xalqaro olimpiya qo‘mitasidagi a'zoligi tiklandi

Foto: TASS, Mixail Tereshchenko

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Rossiya Olimpiya qo‘mitasining tashkilotga a'zoligini tikladi. Rossiyaning a'zoligi Pyongchangdagi Olimpiadadan 2 oy oldin to‘xtatilgandi. Bu haqda XOQ a'zosi va Rossiya Olimpiya qo‘mitasining faxrli prezidenti Shamil Tarpishev ma'lum qildi. 

“Sportchilarimiz tekshiruvlarining barcha natijalari ularning “tozaligini” ko‘rsatdi. Rossiyaga qoidaga ko‘ra hech narsa qilish kerak bo‘lmagan, uning a'zoligi avtomatik ravishda tiklandi va XOQda bu borada hech qanday e'tiroz yo‘q”, deb ma'lum qilgan Tarpishev.

“Rossiya sporti uchun yangi bob ochilmoqda. Barchasini toza sahifadan boshlash kerak va shunga o‘xshash vaziyat va muammolar bo‘lmasligi uchun yozgi Olimpiada haqida o‘ylashimiz lozim. Bu biz uchun juda muhim voqeadir”, deb aytgan Tarpishev.

Rossiya Olimpiya qo‘mitasi rahbari Aleksandr Jukov XOQdagi a'zolik tiklanganini tasdiqlagan. 

“Bugun biz XOQdan a'zolik tiklangani haqida maktub oldik. ROQning a'zoligi tiklanishi Pyongchangdagi Olimpiadadan olingan doping-sinovlar tekshirilishi tugashi bilan bog‘langan. XOQ rossiyalik sportchilar doping-sinovlarining qolgan natijalari salbiy ekanligini tasdiqlashi mumkin. Bu esa ROQning huquqlari to‘liq tiklanganini anglatadi”, deb aytgan Jukov. 

Jukov rossiyalik olimpiyachilarga XOQ shartlarini bajarganliklari uchun minnatdorlik bildirgan.

XOQqa qaytish rossiyalik sportchilar Olimpiadalarda mamlakatlari bayrog‘i va madhiyasi ostida ishtirok eta olish imkoniyatini olganlarini anglatadi.   

ROQning huquqlari Pyongchangdagi Olimpiadaning so‘ngida tiklanishi va rossiyalik sportchilarga o‘yinlar yopilishi marosimida bayroq qaytarilishi kutilgandi, biroq bu yuz bermadi. Bunga esa Olimpiadada ishtirok etgan kyorlingchi Aleksandr Krushelnitskiy va bobsleychi Nadejda Sergeyevaning aksildoping qoidalarni buzganlari bilan bog‘liq holatlar asosiy sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid