Jahon | 21:51 / 02.03.2018
22583
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda sobiq vazir o‘rinbosari qo‘lga olindi

Foto: screenshot

Qozog‘iston Respublikasining sobiq energetika vaziri o‘rinbosari G‘ani Sadibekov va jinoyatda gumon qilinayotgan qator shaxslar qo‘lga olindi. Tengrinews "ADGSPK" rasmiy vakili Nurlan Jaxin bergan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi tomonidan Energetika vazirligidagi mansabdor shaxslarning jinoiy qilmishlariga chek qo‘yildi. Sobiq energetika vaziri o‘rinbosari Sadibekov "Aymak" pudratchi tashkiloti rahbari D.Duanbek bilan kelishib, Shuchinsk-Borovskiy kurort zonasidagi ko‘lni tozalashga ajratilgan yirik miqdordagi byudjyet mablag‘larini o‘marishga uringan. Jinoyat sxemasida shuningdek Energetika vazirligi departamenti rahbari J.Nurbekov va pudratchi vakillari S.Jumalinov va B.Kadirberlin ishtirok etishgan. Sadibekov tomonidan imzolangan hujjatlarga ko‘ra, 2017 yilda 3,6 milliard tenge summaga baholanuvchi ishlar ortig‘i bilan to‘langan. Bu summadan 1 milliard tengedan ziyodi naqdlashtirilgan va o‘marilgan, ular tintuv davomida olib qo‘yildi", - deydi rasmiy vakil.

"2018 yilda ko‘lni tozalash ishlari uchun ajratilgan 1,5 milliard tenge o‘maruvining oldi olindi. Sadibekov, Nurbekov, Duanbek, Jumalinov va Kadirberlin qo‘lga olindi. Tergov ishlari o‘tkazilmoqda", - qo‘shimcha qiladi Nurlan Jaxin.

G‘ani Sadibekov 1967 yilning 23 oktabrida dunyoga kelgan. Turli vaqtlarda Jambil viloyati akim apparati rahbari, Jambil viloyati akim o‘rinbosari va Pavlodar viloyati akim o‘rinbosari lavozimini egallagan. Sadibekov 2016 yilning 3 mayidan energetika vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Gani Sadibekov. Foto: primeminister.kz

Mavzuga oid