O‘zbekiston | 15:59 / 03.03.2018
7257
5 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro valyuta fondi missiyasi soliq islohotlarini amalga oshirishga ko‘maklashmoqda

Foto: Moliya vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan respublika soliq tizimini isloh qilish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan respublika soliq tizimini isloh qilishda ko‘maklashish maqsadida Xalqaro valyuta fondining ekspertlari taklif qilindi.

Mazkur tadbir mustaqillik yillari davomidagi O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Xalqaro valyuta fondining fiskal masalalar bo‘yicha Departamenti o‘rtasida soliq siyosati sohasidagi ilk hamkorlikdir.

XVF missiyasi Soliq masalalari bo‘yicha Departament mutaxassislari, jumladan, missiya rahbari Departamentning katta iqtisodchisi Xerten Mixelse, XVFning soliq siyosati bo‘yicha katta iqtisodchilari Jan-Fransua Ven, Rassel Krelove va Narine Nersesyanlardan tashkil topgan.

O‘tgan 10 kun davomida missiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi o‘rganilib, tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha dastlabki tavsiyalar ishlab chiqildi.

Missiya yakunida Xalqaro valyuta fondining mutaxassislari tomonidan 2018 yilning 28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi xodimlari va palataning a'zo-tadbirkorlari, shuningdek, auditorlar va soliq maslahatchilari uchun seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi samaradorligini yanada oshirish maqsadida ekspertlar umumbelgilangan tartibda soliq to‘lovchilar sonini ular tomonidan amalga oshiriladigan ish manbaidan kelib chiqib chegaraviy miqdorlarni belgilash yo‘li orqali oshirish zarur, deb hisobladilar. Bunda ekspertlar tomonidan umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tish uchun chegaraviy miqdorlar yuzasidan turli takliflar bildirildi.

Shu bilan birga, ekspertlar «kichik korxona» maqomini korxona daromadini inobatga olmasdan faqatgina ishchilar sonidan kelib chiqqan holda belgilanishi korxonalarning rivojlanishi va kengayishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirdilar.

Shuningdek, ekspertlar tomonidan QQS stavkasining 20 foiz miqdori G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi QQS stavkasi miqdoriga teng ekanligi, bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish darajasiga mutanosib emasligi ta'kidlandi.

Bundan tashqari, soliq yukining yirik va kichik korxonalar o‘rtasida teng taqsimlanmaganiga, ya'ni kichik korxonalar tomonidan soliqlar yirik korxonalarga nisbatan juda ham kam miqdorda to‘lanishiga alohida e'tibor qaratildi. Bunday jarayon kichik korxonalar biznesini kengaytirish va umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tish uchun rag‘batlantirmasligi aytildi.

Yirik korxonalardagi soliq yukining yuqoriligi «adolatli bozor iqtisodiyoti» tamoyillariga zid ravishda oborotdan (davlat maqsadli jamg‘armalariga oborotdan 3,2 foiz miqdorda majburiy ajratmalar) undiriladigan soliqlar mavjudligi hamda mulk solig‘i stavkasining yuqoriligi bilan belgilanadi. Soliqlar va majburiy to‘lovlar sonining ko‘pligiga hamda ularni bekor qilish yoki boshqa soliq turlari bilan birlashtirish yuzasidan tanqidiy ko‘rib chiqilishi zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

Ekspertlar aktsiz solig‘i turlarining ko‘pligi va aktsizosti tovarlar stavkalari ularni import qilishda va ichki ishlab chiqarishda turlicha ekani O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi uchun jiddiy to‘siq, deb hisoblaydilar.

Seminar yakunida Xalqaro valyuta fondi mutaxassislari islohotlarni joriy, o‘rta muddatli va uzoq muddatli islohotlarga ajratish zarurligini aytib o‘tdilar. Bunda, missiya rahbari janob Xerten Mixelse ta'kidlaganidek, soliq tizimi islohotlari soliq ma'murchiligini takomillashtirish, jumladan, soliqqa tortish obektlari va soliqqa tortish bazasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilinishini nazarda tutuvchi islohotlar bilan o‘zaro bog‘liqlikda amalga oshirilishi lozim.

Seminar ishtirokchilari tomonidan amaldagi soliq tizimi va uni yanada takomillashtirishning keyingi bosqichlariga oid masalalar faol muhokama qilindi hamda xalqaro tajribaning qo‘llanishi va xorij mamlakatlaridagi soliq islohotlari bo‘yicha savollarga atroflicha javoblar olindi.

Shuningdek, xalqaro missiya amalga oshirilgan o‘rganish va tahlillar asosida O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘zida mujassam qilgan hisobotni 30 kun ichida taqdim etishini ma'lum qildi. Mazkur hisobot O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining internet saytiga joylashtiriladi va muhokamalar uchun ochiq bo‘ladi.

Mavzuga oid