O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan respublika soliq tizimini isloh qilish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan respublika soliq tizimini isloh qilishda ko‘maklashish maqsadida Xalqaro valyuta fondining ekspertlari taklif qilindi.

Mazkur tadbir mustaqillik yillari davomidagi O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Xalqaro valyuta fondining fiskal masalalar bo‘yicha Departamenti o‘rtasida soliq siyosati sohasidagi ilk hamkorlikdir.

XVF missiyasi Soliq masalalari bo‘yicha Departament mutaxassislari, jumladan, missiya rahbari Departamentning katta iqtisodchisi Xerten Mixelse, XVFning soliq siyosati bo‘yicha katta iqtisodchilari Jan-Fransua Ven, Rassel Krelove va Narine Nersesyanlardan tashkil topgan.

O‘tgan 10 kun davomida missiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi o‘rganilib, tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha dastlabki tavsiyalar ishlab chiqildi.

Missiya yakunida Xalqaro valyuta fondining mutaxassislari tomonidan 2018 yilning 28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi xodimlari va palataning a'zo-tadbirkorlari, shuningdek, auditorlar va soliq maslahatchilari uchun seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi samaradorligini yanada oshirish maqsadida ekspertlar umumbelgilangan tartibda soliq to‘lovchilar sonini ular tomonidan amalga oshiriladigan ish manbaidan kelib chiqib chegaraviy miqdorlarni belgilash yo‘li orqali oshirish zarur, deb hisobladilar. Bunda ekspertlar tomonidan umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tish uchun chegaraviy miqdorlar yuzasidan turli takliflar bildirildi.

Shu bilan birga, ekspertlar «kichik korxona» maqomini korxona daromadini inobatga olmasdan faqatgina ishchilar sonidan kelib chiqqan holda belgilanishi korxonalarning rivojlanishi va kengayishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirdilar.

Shuningdek, ekspertlar tomonidan QQS stavkasining 20 foiz miqdori G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi QQS stavkasi miqdoriga teng ekanligi, bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish darajasiga mutanosib emasligi ta'kidlandi.

Bundan tashqari, soliq yukining yirik va kichik korxonalar o‘rtasida teng taqsimlanmaganiga, ya'ni kichik korxonalar tomonidan soliqlar yirik korxonalarga nisbatan juda ham kam miqdorda to‘lanishiga alohida e'tibor qaratildi. Bunday jarayon kichik korxonalar biznesini kengaytirish va umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tish uchun rag‘batlantirmasligi aytildi.