Light | 22:58 / 05.03.2018
24539
5 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun ishga doir suhbatga yaxshi kiyinib borish kerak?

Tashqi ko‘rinish ko‘p holatlarda hayotingizni hal qilishi ham mumkin. Har doim o‘zingizga qarab yuring va detallarga e'tiborli bo‘ling. The art of manliness shu mavzudagi maqolasini taqdim etdi.

1. Bu saralashning birinchi bosqichidan o‘tishga yordam beradi

Foto: kun.uz

Albatta, turli sohalarda xodimlar turlicha tanlanadi. Yirik kompaniyalarda nomzodlar bilan HR-menejyer suhbatlashadi. U imkon qadar ko‘proq nomunosib nomzodlarni saralashi kerak va buning uchun suhbatdoshida kamchiliklarni qidiradi. Ko‘zga birinchi ko‘rinadigan narsa - noprofessional tashqi ko‘rinish. Agar menejyer 100 nafar ish izlovchi orasidan loyiqlarini saralab olishi kerak bo‘lsa, u holda kutilganidek toza bo‘lmagan poyabzalingiz tufayli ham rad javobini olishingiz mumkin.

Boshqa vaziyatlarda esa menejyer sizni tinglashi va professional ko‘nikmalaringizni baholashi muhimroq. Masalan, kichik kompaniyalarda suhbat ko‘p emas, bir necha nomzod o‘rtasida o‘tkaziladi yoki barcha noma'qul nomzodlar dastlabki bosqichda saralab olinadi.

Suhbatdoshingizning munosabatini oldindan bilib bo‘lmaydi. Shunday ekan, arzimagan narsani deb imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik uchun yaxshi kiyinishga harakat qiling.

2. Bu birinchi taassurotga ta'sir ko‘rsatadi

Foto: Dail maily

Standart suhbat o‘rtacha yarim soat vaqtni oladi. Biroq boshqa bir insonda yaxshi taassurot qoldirish uchun atigi uch soniyangiz bor.

Bizning miyamiz shunday tuzilganki, ma'lumotlarning katta qismini vizual qabul qilamiz. Xulosa qilishda ham vizual omillarga asoslanamiz. Yaxshi kostyum, tartibli soch turmagi va yaltirab turgan poyabzal qarshimizda mas'uliyatli va muhim inson turgandek taassurot uyg‘otadi. Aks holda, u dangasa, mas'uliyatsizdek tasavvur uyg‘otadi.

Tashqi ko‘rinish siz haqingizda keyinchalik tasdiqlash yoki inkor qilishga to‘g‘ri keladigan fikrni shakllantiradi. Agar siz professional ko‘rinishga ega bo‘lsangiz, suhbatdoshingiz "Aftidan, u hamma narsani nazorat qiladi, ko‘raylik-chi, aslida ham shundaymikan", deb o‘ylaydi. Agar biroz pala-partish kiyingan bo‘lsangiz, u "U qadar ishonchli taassurot uyg‘otmaydi, lekin imkon berib ko‘rsak bo‘lar", deb o‘ylaydi. Shunday ekan, agar bittada ijobiy taassurot qoldirsangiz, ancha kuch-g‘ayratingizni saqlab qolgan bo‘lasiz. Kimnidir to‘liq o‘zgartirgandan ko‘ra birinchi suhbatda qoldirilgan taassurotni mustahkamlagan osonroq.

3. Bu detallarga munosabatingizni ko‘rsatadi

Foto: bdtodays.com

Ko‘pincha suhbatda professional ko‘nikmalarni namoyish qilish imkoni bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, siz asosiy vazifalarni aniq bajarayotganingizni ko‘rsatishingiz mumkin. Sizning tashqi ko‘rinishingiz bunga yaqqol dalil bo‘la oladi.

Poyabzalni tozalash ko‘nikmasi sizga kerak bo‘lishi dargumon. Biroq suhbat oldidan uni tozalaganingiz sizning sog‘lom fikrlashingiz, qonun-qoidalarni tushunishingiz va detallarga e'tiborli ekaningizdan dalolat beradi.

Tashqi ko‘rinishingiz shundoq ham yomon emas deb hisoblab, o‘zingizni yaxshi ko‘rsatishga intilmaysiz. Bu esa sizning nomzodingizni boshqalarga nisbatan jozibasiz qilib ko‘rsatishi mumkin.

4. Bu o‘zingizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi

Foto: Mom.me

Oq xalatdagi shifokorni oddiy kiyimdagi hamkasbiga nisbatan ishonchli deb hisoblaymiz. Boz ustiga, olimlar kiyimlar bizning o‘zimizni qanday qabul qilishimizga ta'sir ko‘rsatishini isbotalashgan. Tajriba davomida ikki guruh ishtirokchilariga bir xil xalatlar berishgan, faqat bir guruh ishtirokchilarigagina bu shifokor xalati ekani aytilgan, ikkinchi guruhdagilarga bu rassomlar yopinchig‘i deya tushuntirilgan. Uchinchi guruh a'zolari esa vazifalarni o‘zlarining oddiy kiyimlarida bajarishgan. Natijada "shifokor xalatidagi" ishtirokchilar sinovlardan qolganlarga nisbatan muvaffaqiyatliroq o‘tishgan.

Kiyimlarning ongimizga ta'siri haqida anchadan beri ma'lum. Ba'zi kiyim ishlab chiqaruvchilar bundan mohirona foydalanishadi: ular qimmat va sifatli kiyimda o‘zlarini yanada o‘ziga ishongan va jozibali his qilishini ta'kidlashadi.

Ishbilarmon uslubidagi kiyim o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni oshiradi. Omadli yetakchidek kiyinsangiz, o‘zingizni shunga muvofiq tuta boshlaysiz va qat'iyatli his qilasiz. Yangi ish bo‘yicha suhbatga ketayotgan bo‘lsangiz, shunday kiyinishga harakat qiling.

Mavzuga oid