O‘zbekiston | 15:27 / 06.03.2018
14349
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari yagona reyestri tasdiqlandi

Foto: Norma.uz

Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining qarori (28.02.2018 yilda 2976-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Davlat xizmatlari yagona reyestri tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 12.12.2017 yildagi PF–5278-son Farmoniga muvofiq, 1.01.2018 yildan boshlab tadbirkorlik sub'yektlariga xizmat ko‘rsatgan «yagona darcha» markazlari Davlat xizmatlari markazlariga o‘zgartirilgan. Endilikda Markazlar biznesga ham, fuqarolarga ham ko‘mak bermoqda. Ular orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari Yagona reyestrda keltirilgan bo‘lishi shart.

Reyestr 444 ta davlat xizmatini o‘z ichiga olgan. Ushbu xizmatlarni qanday organlar ko‘rsatishi, kimlar xizmatdan foydalanishi mumkinligi (yuridik / jismoniy shaxslar), murojaat qilish tartibi qandayligi (an'anaviy / elektron shaklda), haq to‘lash kerak yoki kerak emasligi, shuningdek yakunida beriladigan hujjat ko‘rsatilgan.

1 iyundan boshlab reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlari ko‘rsatilmaydi.

Hujjat 1.03.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid