Sport | 21:10 / 06.03.2018
13217
8 daqiqa o‘qiladi

Messi intrigani o‘ldirdi, «Atletiko»da so‘nggi umid. Ispaniyada tur o‘yinlari

«Tribuna» Ispaniya chempionatining 27-turidagi asosiy voqealarni keltiradi.

«Atletiko» kurashdan chiqdi

Barchasi Simeone shogirdlarining o‘z qo‘lida edi. «Barselona»ning ketma-ket duranglaridan keyin «Atletiko» 11 ochkolik farqni 5 ochkogacha qisqartira olgandi. Jamoalarning o‘zaro uchrashuvida o‘rtaga chempionlik masalasi tikilgandi. Lekin jamoaning oxirgi o‘yinlarida «quturgan» Grizmann ham, Diyego Kosta ham ko‘k-anorranglilarga aytarli muammo tug‘dira olishmadi. 

«Barselona» o‘yinni nazorat qildi, Pike va Umtiti jarima maydoniga borayotgan barcha to‘plarni qaytarib turishdi, Ter Shtegen zerikish bilan band bo‘ldi, raqib jamoa darvozasiga esa Messi yubiley golini urdi (600). Uning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasi La Liganing eng yaxshi darvozaboni Oblak uchun ham jumboqligicha qoldi.

Bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi, Valverde o‘z murabbiylik faoliyatida ilk marta Simeone ustidan zafar quchdi, argentinalik mutaxassis esa kataloniyaliklar jamoasiga qarshi noxush seriyasini davom ettirdi (13 o‘yinda 4 durang va 9 mag‘lubiyat). «Atletiko» endi «Barselona»dan 8 ochko ortda qolmoqda va chempionlik masalasi amalda hal bo‘ldi. La Liga tarixida chempionat yakuniga 11 tur qolganida bunday farqni hali hech bir jamoa yo‘qqa chiqarib, chempion bo‘la olmagan. «Atletiko» endi faqat Yevropa Ligasida sovrin yutishga umid qilishi mumkin.

Ronalduning uyg‘onishi

Foto: Squawka

«Real»ning portugaliyalik yetakchisi mavsumning birinchi qismidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin o‘ziga xos qaytish qildi - u 2018 yilda barcha turnirlar doirasidagi 8ta o‘yinda maydonga tushib, 14 gol urishga ulgurdi, 3ta golga uzatma berdi. Shanba kuni uning «Xetafe»ga urgan ikki goli chempionatdagi oson g‘alabani ta'minladi. Ikki gol ham uning uchun yubiley gollar bo‘ldi, birinchisi La Ligadagi 300-gol bo‘ldi, u bunday natijaga Messidan ancha tez erishdi (Ronalduga bu natijani qayd etish uchun 286 o‘yin kifoya qildi, Messi 334 o‘yinda 300 gol urgandi). Uning ikkinchi goli esa La Liga o‘yinlarida bosh bilan urgan 50-goli bo‘ldi. «Xetafe» darvozasiga yana bir golni Garet Beyl urgandi, uning uchun bu o‘yin Ispaniya chempionatidagi 117-o‘yin bo‘ldi va u endi Ispaniya chempionatida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan britaniyalikka aylandi (Bekhemning natijasi 116 o‘yin, Gari Linekerda 103 o‘yin). 2017-2018 yilgi mavsumda Beyl 8 gol urdi, u o‘tgan mavsum davomida 7 gol urgandi.

Dzadza - 3 oydagi birinchi gol

Kuzda Simone Dzadzaning yelkasidan ulkan tosh qulagan, uning oyoqlaridagi zanjir yechilgandek tasavvur paydo bo‘lgandi. U Ispaniya chempionatining dastlabki 10 o‘yinida 9 gol urgandi (bu uning avvalgi mavsum davomida urgan barcha gollari sonidan ikkita ko‘p edi). Italiyalik hujumchi «Valensiya»ning Ispaniya chempionati o‘yinlarida qatorasiga 6 o‘yinda gol urgan uchinchi futbolchisiga aylandi. U noyabr oyi boshida «Leganes» darvozasini ishg‘ol etib jamoaning afsonaviy futbolchisi Edmundo Suares tomonidan 1944 yilda o‘rnatilgan rekordni takrorladi. Ammo Dzadza jamoa rekordiga erisha olmadi, u ko‘p vaqt davomida gol urmay qo‘ydi - keyingi 4 oyda u faqat 2 gol ura oldi. Bularning birinchisi 9 dekabr kuni, ikkinchisi 4 mart kuni «Betis»ga qarshi o‘yindagi g‘alaba goli (2:0).

Keyingi 3 oydagi ilk goldan keyin Dzadzaning o‘yini ochilib ketsa, «Valensiya» 3-o‘rin uchun «Real» bilan bellasha olishi mumkin bo‘ladi. Ayni vaqtda jamoaning boshqa bir hujumchisi Santi Mina jarohat olgan va Dzadzaning yordami juda zarur. U chempionat davomida yana bir gol urish orqali o‘zining shaxsiy rekordini yangilashi mumkin, ayni vaqtda uning hisobida joriy mavsumda urilgan gollar soni 11taga yetdi, bunday natijani u avvalroq «Sassuolo» tarkibida ham qayd etgan (2014/15).

«Jirona» - segundadan yevrokuboklar sari

Bunday jamoalarni Ispaniyada «» deya nomlashadi (grandlar uchun mix). «Jirona» bu mavsumda «Atletiko»dan ikki o‘yinda ham ochko oldi (2:2, 1:1), «Real»ni o‘z maydonida yengdi (2:1). Yangi yil boshidan beri kataloniyaliklar jamoasi chempionatning 9 o‘yinida 17 ochko (27 imkoniyatdan) olishdi va yevrokuboklarga bir qadam (7 o‘rin, 6-o‘rin bilan farq 1 ochko) qoldi. Ispaniya Primerasida debyut mavsumni o‘tkazayotgan Pablo Machina shogirdlari safar qilib, yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqib «Vilyarreal»ni yengdi va «sariq submarinalar»ga turnir jadvalida maksimal darajada yaqinlashib oldi. «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda chempionat kashfiyoti bo‘lgan jamoada ikki Kristian - urugvaylik Stuani va ispaniyalik Portu gol urdi. Kristian Stuani bu o‘yindagi goli orqali mavsumdagi gollari sonini 14taga yetkazdi, Kristian Portugesni esa Ispaniya terma jamoasi murabbiyi Xulen Lopetegi kuzatib bormoqda, uni 2018 yilgi jahon chempionatida ko‘rishimiz mumkin.

Tur o‘yinlari
«Vilyarreal» – «Jirona» – 0:2 (0:1).
Gollar: Stuani, 16 (0:1). Portuges, 80 (0:2).
«Sevilya» – «Atletik» – 2:0 (2:0).
Gollar: Muriel, 27 (1:0). Vaskes, 32 (2:0).
«Leganes» – «Malaga» – 2:0 (0:0).
Gollar: Eraso, 55 (1:0). Amrabat, 62 (2:0).
«Deportivo» – «Eybar» – 1:1 (1:1).
Gollar: Inui, 11 (0:1). Andone, 33 (1:1).
Chetlatish: Koval (D), 39.
«Real» – «Xetafe» – 3:1 (2:0).
Gollar: Beyl, 24 (1:0). Krishtianu Ronaldu, 45+1 (2:0). Portilo, 65 – penalti (2:1). Krishtianu Ronaldu, 78 (3:1).
Chetlatish: Remi (Xetafe), 47.
«Levante» – «Espanol» – 1:1 (0:0).
Gollar: Morales, 55 – penalti (1:0). Leu Baptistan, 90+1 (1:1).
«Barselona» – «Atletiko» – 1:0 (1:0).
Gol: Messi, 26.
«Barselona»: ter Shtegen, Serxi Roberto, Pike, Yumtiti, Jordi Alba, Buskets, Rakitich, Inesta (Andre Gomesh, 36), Filippe Koutinyu (Paulinyu, 84), Messi, Luis Suares. «Atletiko»: Oblak, Vrsalko (Korrea, 59), Ximenes, Godin, Filipe Luis (Ernandez, 74), Saul, Partey, Gabi (Gameyro, 66), Koke, Grizmann, Diyego Kosta.
«Real Sosedad» – «Alaves» – 2:1 (2:1).
Gollar: Moreno, 6 (1:0). Ilyarramendi, 11 (2:0). Pedrasa, 39 (2:1).
«Valensiya» – «Betis» – 2:0 (1:0).
Gollar: Rodrigo, 23 (1:0). Dzadza, 47 (2:0).
«Selta» – «Las-Palmas» – 2:1 (0:0).
Gollar: Jonni (62), Ernandes (89) - Erik Ekpozito (53).

Turnir jadvali

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid