Ispaniya: mavsumning bahsli o‘yinlaridan biri

«Valensiya» — «Real» 2:2
Gollar: Duro (27), Yaremchuk (30) — Vinisius (45+5, 76).
«Valensiya» – Mamardashvili, Fulke, Diakabi (O‘zkajar, 89), Moskera, Gayya, Fransisko Peres (Peter Federiko, 73), Kanos (Gilyamon, 57), Pepelu, Gerra (Amalla, 73), Yaremchuk (Diyego Lopes, 57), Duro.
«Real» – Lunin, Karvaxal, Ryudiger, Chuameni, Mendi (Fran Garsiya, 72), Kroos (Modrich, 63), Valverde (Nacho, 86), Kamavinga (Hoselu, 72), Bellinghem, Vinisius, Rodrigo (Dias, 63).
Ogohlantirishlar: Yaremchuk (4), Vinisius (72), Valverde (80), Diakabi (83), Xoselu (90+9).
Chetlatish: Bellinhem (90+9).

Ispaniya chempionatida mavsumdagi eng aql bovar qilmas o‘yinlardan biri bo‘lib o‘tdi. Istalgan jamoa oxirgi daqiqalarda g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, ammo o‘yinda mojaroli durang qayd etildi.

Bir yilcha oldin «Mestalya»da irqchilik mojarosi ro‘y berib, Vinisius Juniorni haqoratlagan fanatlar uni yig‘lashga majbur qilgandi. O‘shanda aybdorlar jazosini olgan, ammo forvard va Karlo Anchelottining butun stadion manziliga qaratilgan qat’iy so‘zlari yodda qolgandi. Shunday ekan, shanba kungi o‘yinda madridliklarga tinmasdan hushtakbozlik qilishdi. Ayniqsa Vinisius ortida «ko‘rshapalaklar» jamoasining ashaddiy fanatlari o‘tiradigan darvoza yaqinida penaltiga umid qilib yiqilganida har qachongidan qattiqroq hushtak chalishdi.

Lekin futbol barchasini bosib ketdi va «Valensiya» yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Futbolchilar yaqinda ikki qavatli uyda yong‘in chiqib, insonlar o‘limi kuzatilgan shahar uchun o‘ynashdi. Bu hodisa tufayli «Granada»ga qarshi o‘yinni qoldirishga ham to‘g‘ri kelgandi. Bu o‘yinda esa maksimal darajada ishtiyoqqa ega bo‘lgan mezbonlar Valverdening riskli diagonalidan maksimal natija chiqarib olishdi. Himoyachilarga yordamga qaytgan Vinisius o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida to‘pni yo‘qotdi, Ugo Duro esa Fran Peresning muvaffaqiyatsiz chiqqan zarbasidan keyin to‘pni darvozaga kiritib yuborishni uddaladi. Ko‘p o‘tmay Karvahal orqaga to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘yib, Yaremchuk yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishiga sababchi bo‘ldi.

«Real» esa odatdagi kabi Vinisiusning golidan keyin o‘ziga kela boshladi, braziliyalik hujumchi mezbonlar fan-sektori qarshisiga kelib, qo‘lini musht qilib ko‘tardi. Tabiiyki, uning bu jyesti darhol ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Mavzu tushunarli va hatto sportdan uzoq bo‘lgan resurslar ham bunga e’tibor qaratdi.