Ispaniya chempionatida birinchi davraning so‘nggi tur o‘yinlari o‘tkazilmoqda. Madrid va Kataloniya klublari o‘rtasida quvlashmachoq davom etadi.
Xarakter va standartlar

«Real» – «Mallorka» 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 78 Ryudiger.
«Real» – Lunin, Karvaxal, Ryudiger, Tchuameni, Fran Garsiya, Modrich (Sebalos, 86), Kroos (Xoselu, 67), Valverde, Bellinghem, Vinisius Junior (Braim Dias, 60), Rodrigo (Vaskes, 86).
«Mallorka» – Raykovich, Maffeo, Nastasich, Railo, Gonsales, van der Heyden (Toni Lato, 46), Sanches (Ndiayye, 83), Dani Rodriges (Darder, 73), Morlanes (Maskarel, 73), Samu Koshta, Larin (Prats, 73).
Ogohlantirishlar: van der Heyden (1), Rodrigo (35), Lunin (45), Nastasich (61), Maffeo (70).
Angliyada «Liverpul» «Arsenal»ni ortda qoldirib ketdi, ammo mavsumning ikkinchi qismida yanada kuchayadigan «Manchester Siti»ning nafasini his qilmoqda. Italiyada «Yuventus» «Inter»ni oldinga qo‘yib yubormayapti. Fransiyada «Nitssa» va «Monako» kurashib ko‘rdi, ammo «PSJ» baribir yana chempion bo‘ladigan. Bir so‘z bilan aytganda, barcha chempionatlarda odatiy holat kuzatilmoqda va hatto Germaniyada ham — «Bayyer»ga hurmat saqlagan holda aytish mumkinki — «Bavariya»ning ortdan quvuvchi roli hech kimni ajablantirmayapti.
Bunday holatlar myunxenliklarning shonli davrlarida ham kuzatilgan, Tomas Tuxel jamoasi o‘tgan mavsumda ham uzoq vaqt davomida turnir peshqadami bo‘lib turgan «Borussiya»ni so‘nggi turlarda quvib o‘tgandi. Bu mavsumdagi «Bavariya» bilan ham kurashish mumkin va kerak, shunday ekan, top-5 ligalardagi oltin uchun eng qiziqarli poyga Ispaniyada kuzatilmoqda. La ligada ikki jamoa chempionlik uchun kurashishi odatiy holat, ammo gap bu kurashda kimlar ekanida.
Aniqroq aytganda — kim «Real»ni xotirjam bo‘lishga qo‘ymayotganida. Bu raqib beqaror o‘ynay olmayotgan va safar o‘yinlarida qoqilayotgan «Atletiko» emas, Diyego Simeone jamoasi qatorasiga uch safar o‘yinida yutqazdi. Va jarohatlardan aziyat chekayotgan va Xaviga ishonishda davom etayotgan «Barselona» ham emas, balki hozirdan mavsumning eng katta sensatsiya jamoasiga aylangan va klub rekordlarini yangilab, hamon yuqori sur’atda o‘ynashda davom etayotgan «Jirona»dir.
Yangi yildagi ilk o‘yin oldidan jarohatlanganlar qaytgani Karlo Anchelottini xursand qildi. Karvaxal bir oylik tanaffusdan keyin maydonga qaytdi, Vinisius Junior esa undan ham ko‘proq vaqt mobaynida jamoaga yordam bera olmagandi. Ularning ikkisi ham «Mallorka»ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi, holbuki «Real» bosh murabbiyi braziliyalik futbolchining tayyorligiga shubha bilan qarayotgandi. Karvaxal uchun o‘yin noxush epizod bilan boshlandi. Hakam hushtagini chalishi bilan ispaniyalik o‘ng qanot himoyachisining yuziga van der Heyden tirsak bilan zarba berib yubordi. Belgiyalik futbolchi katta ehtimol bilan la ligadagi eng tezkor sariq kartochkani ishladi – o‘yin startidan bir necha soniya o‘tganida.



















