O‘zbekiston | 17:59 / 12.03.2018
12300
9 daqiqa o‘qiladi

Turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shuvchi tadbirkorlar qanday imtiyozlarga ega?

Foto: KUN.UZ

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish masalalariga juda katta e'tibor qaratilib, mamlakatni sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, bu jarayonda nafaqat davlat sektori, balki xususiy sektorning ham faol ishtiroki zarurdir. Zero O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi PQ-3514-sonli “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, turizmni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shuvchi tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun qator imtiyozlar yaratilmoqda. Xo‘sh, sohaga o‘z hissasini qo‘shish istagini bildiruvchi tadbirkorlar qanday imtiyozlarga ega?

1) Quyidagi summalar uchun soliq solinadigan bazani kamaytirish tartibi tasdiqlanadi:

  • 100 million so‘mgacha — xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning 2020 yilning 1 yanvariga qadar sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini qayta tiklash, kapital ta'mirlash va qurishga yo‘naltirilgan xarajatlari;
  • 12 million so‘mgacha — har yili 2025 yilning 1 yanvariga qadar xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan sanitariya-gigiyena tarmoqlarini (farroshlar ish haqi, gigiyena, tozalash va yuvish vositalarini sotib olish, kommunal xarajatlarni to‘lash), turizm infratuzilmasi obektlarini (tarixiy va me'moriy yodgorliklar, muzeylar, teatrlar, madaniyat uylari, umumiy ovqatlanish punktlari, xizmat ko‘rsatish obektlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, avtomobillar uchun vaqtincha to‘xtash joylari, yo‘lbo‘yi infratuzilmasining servis xizmatlar ko‘rsatiladigan hududlari, bozorlar, rastalar, do‘konlar va odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarni) saqlashga yo‘naltirilgan xarajatlari.
  • Zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini yaratish loyihalarini amalga oshiradigan tadbirkorlik sub'yektlari va salohiyatli investorlarga shaharlar va tumanlarning tegishli qismlarida reklama va ixcham savdo nuqtalari uchun joylar taqdim etiladi.

2) O‘zbekistonning diqqatga sazovor maskanlari, sayyohlar ko‘p tashrif buyuruvchi hududlarni bepul Wi-Fi tizimi bilan ta'minlaganlar uchun ham muayyan imtiyozlar bor. Masalan, ular o‘zlari Wi-Fi tizimini taqdim etgan, odamlar ko‘p tashrif buyuruvchi hududda o‘z reklamalarini bepul joylashlari mumkin bo‘ladi.

3) 2018 yil 10 fevraldan boshlab 3 yil muddatga quyidagi tartib joriy etildi:

  • ish beruvchining turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan sub'yektlardan xodimlar va ularning oila a'zolari uchun respublika bo‘ylab turistik yo‘llanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida ko‘rib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda solig‘ini hisoblab chiqishda chegirib qolinadi;
  • jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab turistik yo‘llanmalarni turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan sub'yektlardan sotib olishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi. Bunda turistik yo‘llanma (ayirboshlanadigan vaucher), avia va temir yo‘l chiptalari, avtotransport tashkilotlarining hisob-fakturalari (chiptalari) va joylashtirish vositalari cheklari tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi;
  • turizm sohasida faoliyat ko‘rsatadigan sub'yektlarning soliq solinadigan bazasi O‘zbekiston turizm brendi va «Uzbekistan.travel» sayti reklamasi bo‘lgan bosma mahsulotlarni (xaritalar, risolalar, bukletlar, flayyerlar va boshqalar), suvenir va qadoqlash mahsulotlarini (sumkalar, paketlar, maktab daftarlari, yorliqlar, g‘iloflar, kiyim-kechaklardagi va oshxona anjomlaridagi yozuvlar) tayyorlash va chop etishga yo‘naltiriladigan xarajatlar summasiga kamaytiriladi.

4) Turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun quyidagi yengilliklar belgilab qo‘yildi:

  • turizm obektlari (me'moriy yodgorliklar va boshqalar) hamda infratuzilmasi (mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari, turistik yo‘nalishlar va boshqalar) joylashgan joylarning belgi-ishoralari va ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan tematik turistik xaritalar adadini ko‘paytirish va ularni tarqatishga kartografiya ishlarini amalga oshirish uchun litsenziya (ruxsatnoma) olinishi talab etilmaydi;
  • turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar (davlat muzeylari, galereyalar, madaniy meros obektlari va qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar ma'muriyatlari va boshqalar) o‘z faoliyatidan tushadigan tushumlarning kamida 5 foizini o‘z faoliyati hamda taqdim etayotgan turizm xizmatlari bayon etilgan reklama-tarqatish materiallarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlash va adadini ko‘paytirish uchun majburiy tartibda yo‘naltiradi. Bunda ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan xarajatlar summasi bu tashkilotlarning soliqqa tortiladigan bazasidan chiqarib tashlanadi.

5) O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tanlab olingan foydalanilmayotgan yer uchastkalarida 2018-2022 yillarda turizm infratuzilmasini tashkil etish doirasidagi xarajatlar:

  • yangi loyihalar (maketlar)ning dizayn-eskizlarini ishlab chiqish uchun — byudjyetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari;
  • muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishga ruxsat beruvchi hujjatlarni olish uchun — tegishli tumanlar (shaharlar) mahalliy byudjyetlari mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yilsin.

6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi PF-5326-sonli “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq:

  • Asosiy faoliyat turi tematik xiyobonlar xizmatlarini tashkil qilish bo‘lgan yuridik shaxslar ular tomonidan tematik xiyobonlar foydalanishga topshirilgan kundan e'tiboran 3 yil muddatga – yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi;
  • 2022 yilning 1 yanvariga qadar tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini qurish, qayta ta'mirlash va jixozlash uchun O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, texnika, xom ashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, qurilish va boshqa materiallarni olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan, shuningdek, haydovchi bilan birgalikda 8 va undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan turizm toifasiga oid transport vositalari O‘zbekiston hududiga olib kirilayotganda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etiladi;
  • 2018 yilning 1 yanvaridan  e'tiboran turizm sohasida faoliyat yurituvchi sub'yektlarning soliqqa solinadigan bazasi elektron xizmatlarni, jumladan, elektron to‘lovlar, onlayn bron (band) qilish, ekvayring va boshqa xizmatlarni, shuningdek, turizm xizmatlarining zamonaviy turlarini taklif qiluvchi ixtisoslashtirilgan internet-saytlar va portallarni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan harajatlar miqdoriga kamaytirilishi belgilab qo‘yilgan.

7) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3509-sonli “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib unga ko‘ra:

  • turistlar uchun yo‘nalishni mo‘ljalga olishni yengillashtirish maqsadida chet tillaridagi (ingliz, rus va boshqa tillarda) ko‘rsatkichlarni o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ushbu ko‘rsatkichlarda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar (xizmatlar va ishlar)ning reklamasini joylashtirish huquqi beriladi, bunda reklama sohasiga oid qonunchilik talablariga rioya qilinishi ta'minlangan holda joylashtirilayotgan reklamaning umumiy maydoni ko‘rsatkich maydonining 40 foizidan ko‘p bo‘lmasligi lozim.

Shunday ekan, o‘z vataningiz turizmini rivojlantirishga hissa qo‘shing va shu bilan birga, korxonangiz nomini keng ommaga taniting. Bu bilan siz ham o‘z biznesingiz, ham mamlakatingiz iqtisodiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Chunki bularning bari bir-biriga chambarchas bog‘liqdir, ya'ni turizm rivojlansa, O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi ko‘payadi va tabiiyki, mamlakat iqtisodiyoti rivojlanadi. Biroq turizmni rivojlantirish uchun infratuzilmani takomillashtirish, hojatxonalar holatini yaxshilash, ularni son va sifat jihatidan ko‘paytirish, sayyohlar ko‘p keluvchi joylarda bepul Wi-Fi tizimini joriy qilish, targ‘ibot ishlarini jadallashtirish kabi qator ishlarni amalga oshirish lozim bo‘ladi. Bunda esa davlat-xususiy sektor birgalikda harakat qilsagina, jarayon jadallashadi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bu borada barcha tadbirkorlar uchun ochiq va ulardan shunga doir takliflarni kutib qoladi.

Murojaat uchun telefonlar:

Call centre: 200 00 88;

Turizm qo‘mitasi tahlil boshqarmasi: 236 77 26; 233 47 52;

Yuridik boshqarma: 233 84 62; +99897 155 12 89

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid