E'tiborli bo‘ling Milliy aviakompaniya: Vatanimiz nomi oyog‘osti bo‘lmasin! (fotolar)
2011 yili futbol bo‘yicha Osiyo kubogi Qatarda bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda mamlakat poytaxti Doha qit'a chempionati logotipi bilan bezatib chiqilgan, hattoki markaziy ko‘chalardagi asfaltlarga ham tushirilgan edi.
Mening e'tiborimni tortgan jihat — o‘sha asfaltlarga tushirilgan va jamoalar chiqib kelishda stadionlarga to‘shalgan logotipdan QATAR so‘zi olib tashlangan edi: shunchaki 2011 yil raqamlari qoldirilgandi. Bu mamlakat nomi Qatar oyoq osti bo‘lmasligi uchun, tashkilotchilarning o‘z mamlakatga bo‘lgan chuqur hurmati o‘laroq qabul qilinishi kerak.
Meni tashvishlantiradigan narsa milliy aviakompaniyamiz foydalanayotgan aksariyat samolyotlaridagi UZBEKISTAN yozuvi fyuzelajning tepa qismiga emas, qorin qismiga – eshiklar sathidan, samolyot sahnidan pastda joylashtirilganidir. (Faqatgina, foydalanishdan olib tashlanishi mo‘ljallanayotgan Il-114-100 samolyotlari bundan mustasno).
Balkim, kimlargadir bu arzimas narsadek ko‘rinar. Lekin samolyotga oddiy yoki teleskopik trap ulanganda UZBEKISTAN yozuvi oyoqlar ostida qoladi. Boz ustiga, Vatan yozuvi samolyot sahniga chiqqan yo‘lovchilarning boshida turishi kerak, chamamda, oyoqlar ostida emas.
Eng yomoni — milliy aviakompaniyamiz samolyotlari rangida bo‘yalgan Prezident va hukumat samolyotlarida ham xuddi shu holga duch kelamiz.
Qani, eslab ayting-chi, qay mamlakat samolyotlarida mamlakat nomi oyoq ostida joylashtirilgan. Yoki qaysi mamlakat nomini o‘zlashtirgan milliy aviakompaniyada mamlakat nomi eshikdan pastda joylashtirilgan? Hadeganda yodingizga kelmayaptiya? Keling, qo‘shni davlatlarnikini ko‘rib chiqaylik. Ularda vaziyat qanaqa ekan.
Eng oxirida Merkel, Tramp, Putin, Si Jinping uchadigan uchoqlarni e'tiboringizga havola etamiz va undagi yozuvlarga e'tibor qarating.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi yangi samolyotlar xarid qilayotgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Yangi samolyotlarning dizaynida ushbu holat e'tiborga olinsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Davlatning oliy rahbarlariga xizmat qiluvchi, xizmatini o‘tab bo‘lgan, eski samolyotlar o‘rniga yangisi, uzoq masofalarga qo‘nishlarsiz parvoz qila oladigan zamonaviylari xarid qilinishi rejalashtirilgandir. Bu holatda o‘sha samolyotlarning bo‘yalishi ham albatta qayta ko‘rib chiqilishi shart.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.
Mavzuga oid
20:50 / 28.04.2021
Styuardessalarga o‘zbek tilida chiroyli gapirish talabi qo‘yiladi - Ilhom Mahkamov
14:14 / 20.04.2021
Uzbekistan Airways 9ta davlatga reyslarni yopadi. Ular «norentabel» deb topilgan
11:21 / 29.03.2021
«Uzbekistan airways» yuklar uchun alohida haq olmoqda. Kompaniya buni yangi tizimga o‘tish deya izohladi
18:27 / 19.03.2021