Sport | 18:40 / 22.03.2018
10907
4 daqiqa o‘qiladi

Mavsum startiga 3 kun qolganda Pro-Liga formati o‘zgartirildi

Foto: interfutbol.uz

O‘zbekiston professional futbol ligasi nufuzi jihatdan Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi Pro-Liga formatini o‘zgartiradi, deb xabar beradi PFL sayti.

Bungacha Pro-Ligada 16 ta jamoa ishtirok etishi belgilab qo‘yilgan va musobaqa 25 mart kuni start olishi rejalashtirilgandi. Endi esa jamoalar soni va liga formati o‘zgartirildi.

Birinchidan, «Bunyodkor-2» va «Paxtakor-2» farm-klublari Pro-Ligadan chetlatildi.

Ikkinchidan, Namangan viloyatining «Xotira-79», Toshkent viloyatining «Nurafshon-S», Buxoro viloyatining «Labsa», Samarqand viloyatining «Sherdor» klublari turnirga qo‘shildi. Natijada Pro-Liga jamoalari soni 18 taga yetdi.

Uchinchidan, liganing o‘zi yana ikkita ligaga ajratildi. Endi O‘zbekiston futboli uchta ligadan iborat bo‘ldi deb aytishimiz mumkin: Superliga, Pro A Liga va Pro B Liga. 

PRO A Liga tarkibi:
“Andijon” (Andijon)
“Dinamo” (Samarqand)
“Istiqlol” (Farg‘ona)
“Mash'al” (Qashqadaryo)
“Orol” (Qoraqalpog‘iston)
“Surxon” (Surxondaryo)
“Sho‘rtan” (Qashqadaryo)
“Xorazm” (Xorazm)
“Norin” (Namangan)

PRO B Liga tarkibi:
“Iftixor” (Yoshlar ittifoqi jamoasi)
“Yozyovon” (Farg‘ona)
“Zomin” (Jizzax)
“Labsa” (Buxoro)
“Lokomotiv-BFK” (Toshkent)
 “Nurafshon” (Toshkent viloyati)
“G‘ijduvon” (Buxoro)
“Sherdor” (Samarqand)
“Xotira-79” (Namangan)

E'tibor bering, ligada “Iftixor” - Yoshlar ittifoqi jamoasi paydo bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Balki bu jamoa Yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobiga tashkil qilingandir, bilmadik. Ammo dunyo futbolida klublar nomi homiy bilan emas, balki har doim o‘zi joylashgan shahar bilan bog‘lanib keladi. Masalan, «RB Leyptsig» - «Leyptsig» (Red Bull) emas.

Rejaga ko‘ra, har ikki guruh jamoalari to‘rt davrali (2 ta uyda va 2 ta safarda) o‘yinlar o‘tkazadi — jami 36 ta tur. Uning yakuniga ko‘ra, Pro A Ligasi g‘olibi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. 

Endi diqqat (!) Pro A Ligada 2 va 3-o‘rinni egallagan jamoalar, Pro B Ligada 2 va 1-o‘rinni egallagan klublarga qarshi bahs yuritadi. G‘oliblar esa Superligada 10 va 11-o‘rinni egallagan klublarga qarshi pley-off bahslarini o‘tkazadi.   

Ayni paytda musobaqa taqvimi tuzib chiqilmagan va Pro Liga o‘yinlarining qachon boshlanishi ma'lum emas.

PFL xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Kubogi formatiga ham o‘zgartirish kiritiladi va u yaqin kunlar ichida e'lon qilinadi.

Mavzuga oid