Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mozambik va Tanzaniyadagi avtohalokatlar ko‘plab odamlar hayotiga zomin bo‘ldi
Mozambikda yengil avtomobil yo‘ldan chiqib ketib, yaqin atrofda bazm uyushtirayotgan bir guruh yoshlarga borib urilishi oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi, 30 kishi jarohat oldi. Bu haqda Club of Mozambique axborot portali ma'lum qildi.
Avtohalokat 25 martga o‘tar kechasi Maputo shahrida yuz bergan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, avtomobil bir nechta to‘siqlarga, so‘ngra piyodalar ko‘prigiga urilgan. Jarohatlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan. Ularning ko‘pchiligi yoshlardan iborat.
Voqea sababi noma'lumligicha qolmoqda, biroq mutasaddi idoralar haydovchi mast bo‘lganini istisno qilishmayapti.
Shuningdek, Afrikaning yana bir davlati – Tanzaniyada mikroavtobus bilan yuz bergan yo‘l-transport hodisasida 24 kishi halok bo‘ldi, 10 kishi jarohat oldi. Bu haqda politsiya vakiliga iqtibos keltirgan holda Citizen Today mahalliy nashri ma'lum qildi.
Yo‘l-transport hodisasi 24 mart kechki vaqt yuz bergan. Ma'lum qilinishicha, mikroavtobus Mparangada yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Qolgan tafsilotlar aniqlashtirilmoqda.
Ko‘plab qurbonlar bilan yuz beruvchi yo‘l-transport hodisalari Afrika davlatlari uchun kamyob holat emas. Avtohalokatlarga odatda transport vositalarining yomon texnik holati, yo‘llarning yomonligi va yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik sabab bo‘ladi.