Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlovchi mutaxassis bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasi Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis to‘g‘risida nizomni (1.04.2018 yildan boshlab amalga kiritilmoqda) tasdiqladi hamda Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyati tartibini belgiladi.
Norma’ning yozishicha, ikkala hujjat Prezidentning 2.02.2018 yildagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5325-son Farmonini ijro etish maqsadida qabul qilindi.
Fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlovchi mutaxassis bo‘ladi
Lavozim joriy yil 1 apreldan diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi o‘rniga shtat birliklarini tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmasiga o‘tkazgan holda joriy etilmoqda. Oilalar soni 2000 gacha bo‘lgan fuqarolar yig‘inida bitta mutaxassis, oilalar soni 2000 va undan ortiq bo‘lgan fuqarolar yig‘inlarida esa 2 tadan mutaxassis ishlaydi.
Quyidagilar mutaxassisning asosiy vazifalari etib belgilangan:
• xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish;
• oilalarning reproduktiv salomatligini yaxshilash va tibbiy madaniyatini oshirish;
• erta nikoh va ajrashishlarning oldini olish;
• xotin-qizlarning bandligini ta'minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish;
• xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi bo‘yicha yordam berish va b.
Mutaxassis lavozimiga oliy ma'lumotga ega bo‘lgan, kamida 5 yil tegishli fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi hududida doimiy yashayotgan, oilasi, turmush-tarzi, xulq-odobiga ko‘ra ijobiy tavsiflanadigan xotin-qizlar tayinlanadi. Sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar ishga tayinlanishi mumkin emas. Bu lavozimga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tavsiyasiga asosan tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tomonidan tayinlanadi.
Mutaxassis faoliyatining samaradorligi har yili hududiy xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan baholanadi. Bunda quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar dinamikasi tahlil qilinadi:
• ish bilan ta'minlanmagan mehnat yoshidagi xotin-qizlar soni;
• tadbirkorlik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishga jalb etilgan xotin-qizlar soni;
• ajrashishlar va ajrashishdan saqlab qolingan oilalar soni;
• 17 (16) yoshga to‘lmasdan turmushga chiqqan, shundan farzandli bo‘lgan qizlar soni;
• xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va huquqbuzarliklar, shuningdek o‘z joniga qasd qilish holatlari soni.
Ehtiyojmand xotin-qizlarga jamoat fondi moddiy yordam ko‘rsatadi
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi fond muassislari bo‘lib chiqmoqda. Moddiy yordam ko‘rsatishdan tashqari, fond xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda, talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashadi.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun har yili Davlat byudjyetidan 300 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘lar ajratiladi. Yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar moliyalashtirishning boshqa manbalari bo‘lishi mumkin.
Mablag‘lar, shu jumladan turar-joy bilan ta'minlashga boshlang‘ich badallarni qaytarilmaslik sharti bilan to‘lab berish shaklida yo‘naltirilishi mumkin. Bunday imtiyozlar quyidagi xotin-qizlarga beriladi:
• nogironligi bo‘lgan;
• og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan;
• kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan.
Jamoat fondi vasiylik kengashi shaxsiy tarkibiga O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi boshchilik qiladi.
Hujjatlar 16.03.2018 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
10:02 / 08.07.2024
Islom taraqqiyot banki O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytiradi
15:00 / 26.08.2022
Quyi Chirchiqda kaltaklangan ayol ertasi kuni eri tomonidan pichoqlab o‘ldirildi
11:57 / 25.08.2022
Xotin-qizlarga berilgan tavsiyanoma o‘qishga kirganlikni anglatmaydi - ballar qanday hisoblanadi?
17:33 / 24.08.2022