O‘zbekiston | 09:34 / 27.03.2018
10047
3 daqiqa o‘qiladi

Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi takomillashtirildi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 martdagi №213-sonli «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik guvohnomasi berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Nizom dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazganlik guvohnomasini berish tartibini belgilaydi.

Nizomda, chunonchi, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik guvohnomasini olish uchun arizani ko‘rib chiqish, guvohnomani berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishga oydinlik kiritilgan.

Guvohnoma berish to‘g‘risidagi ariza ko‘rib chiqilganligi uchun ariza berilgan kundagi eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Arizachi bergan arizasidan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi. 

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning xorijiy ishlab chiqaruvchisining (yoki uning nomidan harakat qiluvchi ishonchli vakilning) arizasini ko‘rib chiqish va guvohnoma berish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, guvohnomaning asal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish va dublikat berish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish uchun yig‘im summasi Davlat markazining ko‘rsatib o‘tilgan tartibotlarini amalga oshirish uchun ketadigan xarajatlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan preyskurantga ko‘ra amalga oshiriladi.

Nizomda shuningdek, guvohnomani olish uchun zarur hujjatlar va namunalar ro‘yxati ham keltirilgan.

Mavzuga oid