Jahon | 22:58 / 28.03.2018
6945
2 daqiqa o‘qiladi

Julian Assanj tashqi dunyo bilan aloqa qilish vositalaridan mahrum etildi

Foto: RIA Novosti

Ekvador hukumati mamlakatning Londondagi elchixonasida yashirinayotgan WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni tashqi dunyo bilan aloqa qilish vositalaridan mahrum etdi. 

“Bu chora Assanj tomonidan 2017 yil oxirida hukumatga bergan yozma majburiyatiga amal qilmasligi bilan bog‘langan. U majburiyatida Ekvadorning boshqa davlatlar bilan munosabatlariga aralashuvni ko‘zda tutuvchi xabarlar tarqatmaslikka va'da bergandi”, deb aytilgan Ekvador hukumati bayonotida.

Biroq Assanjning qaysi xabari bunga sabab bo‘lgani ma'lum qilinmagan. 

Ekvador hukumatining fikricha, Assanjning o‘zini tutishi va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlari Ekvadorning Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bilan yaxshi munosabatlariga xavf soladi. Shu sababli 27 mart kuni Assanj ijtimoiy tarmoqlardan uzib qo‘yilgan. Shu bilan birga Assanjga nisbatan qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkin.

Assanj oxirgi vaqtda tvitterda Kataloniyaning sobiq rahbari Karles Puchdemonning hibsga olinishiga taalluqli ko‘p xabarlar yozgan. U xabarlaridan birida Puchdemonni “Germaniyaning birinchi siyosiy mahbusi” deb atagan.

Bir hafta avvalroq u britaniyalik josus Sergey Skripalning zaharlanishi bilan bog‘liq holda Buyuk Britaniyadan 23 nafar rossiyalik diplomatning chiqarib yuborilishiga izoh berib o‘tgan. Uning fikricha, Britaniya bosh vaziri Tereza Mey qiyin vaziyatda qolgan. “Agar Moskva Skripalning zaharlanishi ortida turgan bo‘lsa, unda bu Buyuk Britaniya tomonidan javob qaytarilishi maqsadida qilingan. Bunday holda Rossiya o‘z harakatlarini avvaldan rejalashtirib qo‘ygan”, deb aytgan Assanj.

Mavzuga oid