O‘zbekiston | 12:19 / 29.03.2018
59114
9 daqiqa o‘qiladi

Prezident yangi qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi” tomonidan e'lon qilingan.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘simliklar karantini sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro normalar va qoidalarga muvofiqlashtirish yuzasidan faol ishlar olib borilmayapti, buning natijasida xorijiy hamkorlar tomonidan mahalliy mahsulotlarning o‘rnatilgan standartlarga muvofiq emasligi o‘z davlatlarining bozorlariga olib kirilishini rad etish holatlari qayd etilmoqda hamda chet eldan moliyaviy va grant mablag‘larini jalb etish jarayoni murakkablashmoqda.

Respublika mintaqalarida hozirgi kunga qadar eksportga jo‘natiladigan hamda karantin zararkunandalari, o‘simliklar kasalliklari, begona o‘tlar tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan chet davlatlardan olib kiriladigan urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha laboratoriyalar mavjud emas. O‘simliklar karantini sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ta'sirchan tizimi mavjud emas, buning natijasida mutaxassislarning kasbiy mahoratlari, ularning ushbu sohadagi ish ko‘nikmalari oshirilishi ta'minlanmayapti.

O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati bo‘linmalarining zaif moddiy-texnika ta'minoti, ulardagi xodimlar, ayniqsa, joylarda ishlovchilarning karantin tadbirlarini o‘tkazish uchun zarur uskunalar bilan ta'minlanmagani hamda ularning moliyaviy va ijtimoiy ta'minoti yetarli darajada bo‘lmaganligi o‘zlariga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni samarali va sifatli bajarish imkonini bermaydi.

Qaror bilan o‘simliklar karantini sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi idoralararo ishchi guruh tuzilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Quyidagilar idoralararo ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilandi:

o‘simliklar karantini sohasidagi ishlar holatini kompleks o‘rganish;

O‘zbekiston Respublikasining o‘simliklar karantini sohasidagi xalqaro shartnomalarga, shu jumladan, O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro Konventsiyaga (Rim, 1951 yil) qo‘shilishi bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining o‘simliklar karantini sohasidagi barcha xalqaro standartlarga muvofiqligini ta'minlash yuzasidan takliflar tayyorlash;

xorijiy davlatlar karantin xizmatlari bilan (Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Tailand Qirolligi, Yaponiya, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Latviya Respublikasi, Bangladesh, Hindiston Respublikasi, Afg‘oniston Islom Respublikasi va boshqalar) o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha bitimlarni tuzish masalasini ishlab chiqish, shu jumladan, bunday bitimlar loyihalarini tayyorlash.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tuzilmasida quyidagilar tashkil etiladi:

Xalqaro aloqalar, investitsiyalar va innovatsion rivojlanish boshqarmasi;

O‘simliklar karantini xizmati bo‘yicha fitosanitar xavfni prognozlashtirish va tahlil qilish boshqarmasi;

ichki va tashqi o‘simliklar karantini bo‘limi negizida Ichki va tashqi o‘simliklar karantini boshqarmasi;

O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha yig‘ma axborot-tahlil boshqarmasi;

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limi.

Inspektsiya va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Inspektsiyaning O‘simliklar karantini tizimini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Inspektsiyaga qo‘shimcha 176 shtat birligini, shu jumladan, 121 o‘simliklar karantini bo‘yicha tuman va shahar inspektorlarini, 55 avtomobil yo‘llari, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi o‘simliklar karantini bo‘yicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlarini ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Inspektsiya boshlig‘iga quyidagi huquq berildi:

zarur hollarda Inspektsiyaning markaziy apparati, o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyalari va uning tarkibiga kiruvchi boshqa tashkilotlar tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Inspektsiya xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Inspektsiya boshlig‘i va o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyalari boshliqlari lavozimiga ko‘ra tegishlicha O‘simliklar karantini bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri o‘simliklar karantini bo‘yicha bosh davlat inspektorlari hisoblanadilar;

o‘simliklar karantini bo‘yicha tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yo‘llari, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi o‘simliklar karantini bo‘yicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlari xizmat majburiyatlarini bajarishda maxsus formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarini kiyib yuradilar;

inspektorlarni formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilar bilan ta'minlash bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarning namunalarini tasdiqlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘simliklarning agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlovini amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kamida 2 tadan o‘simliklar klinikasi tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Inspektsiya, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘simliklar klinikasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha barcha zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ko‘radi.

2018 yilning 1 aprelidan Inspektsiya va o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyalari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan kelib tushadigan davlat boji va yig‘imi ko‘rinishidagi tushumlar Jamg‘armaga 80 foiz miqdorida, shu jumladan, Inspektsiya xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishiga Jamg‘armaga kelib tushadigan mablag‘larning 10 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdori yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi.

2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 1 apreligacha byudjyetga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan davlat boji va yig‘imi ko‘rinishidagi tushumlar Inspektsiya tomonidan 2018 yilning oxiriga qadar qoplanishi belgilandi.

Quyidagilar:

o‘simliklar klinikasi 2018 yilning 1 iyulidan 2022 yilning 1 yanvariga qadar yer solig‘i, yuridik shaxslarning daromad va mol-mulk solig‘idan hamda yagona soliq to‘lovlarini to‘lashdan;

2020 yilning 1 yanvariga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga ko‘ra o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish hamda mamlakatda karantin holatni yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan respublikada ishlab chiqarilmaydigan yoki yetarli hajmda ishlab chiqarilmaydigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, uskunalar, asbob va priborlar, mashina va mexanizmlar, kompyuter va diagnostika texnikasi bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilindi.

2018 yil 1 maydan o‘simliklar karantini bo‘yicha tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yo‘llari, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi o‘simliklar karantini bo‘yicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlariga, qonun hujjatlarida belgilangan ustama va qo‘shimcha to‘lovlardan tashqari, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har chorak yakuni bo‘yicha mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi uchun Inspektsiya boshlig‘i tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan faoliyatni baholashning reyting tizimiga muvofiq belgilanadigan, quyidagi miqdorlardagi rag‘batlantiruvchi to‘lovlar beriladi:

70 balldan 80 ballgacha to‘plagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 50 foizgacha;

80 balldan 90 ballgacha to‘plagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 100 foizgacha;

90 balldan 100 ballgacha to‘plagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 150 foizgacha.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid