Jamiyat | 19:55 / 31.03.2018
20214
9 daqiqa o‘qiladi

1000 odamlik navbat - Urganchda suv o‘lchagich bilan bog‘liq muammolar haqida

Illyustrativ foto/gcur.ru

Yaqinda suv hisoblagich uskunasini davlat standartidan o‘tkazib olish maqsadida, Urganch shahridagi «Tuyamuyun - Urganch» Mintaqalararo suv quvurlaridan foydalanish davlat unitar korxonasiga (MSKF DUK) bordim (xalq tilida bu Vodokanal yoki «Suvoqava» idorasi deyiladi).

Korxona xodimlari menga suv hisoblagichni o‘zim plombasini buzgan holda yechib olishimni, keyin davlat standartidan o‘tkazib, sertifikat va plomba bilan olib kelishim kerakligini aytishdi.

Birinchi ogohlik qo‘ng‘irog‘i shu joyda yangradi. Axir plombani yechib olishda «Suvoqava» nazoratchisi ishtirok etib, dalolatnoma tuzilishi kerak emasmi? Plombani o‘zim yechib olsam, o‘zboshimchalikka kirmaydimi? Shunda vodokanal xodimi mahalla nazoratchilari shtatlari qisqartirib yuborilgani, natijada buni rasmiylashtiradigan xodim yo‘qligini aytdi. Mayli.

Suv o‘lchagichni davlat standartidan o‘tkazib, uning sertifikati bilan plombani olib, yana «Suvoqava»ga keldim. Endi suv o‘lchagichni qaytadan plombalash va bu haqda dalolatnoma tuzish kerak edi. Bu safar ham javob avvalgidek bo‘ldi: «Bizda plombalab beradigan xodim yo‘q. Qachon shtat berilsa, shunda uyingizga borishadi».

«Majburiy ijro byurosi xodimlari kelib, plomba yo‘qligini ko‘rsa, meni jarimaga tortishi mumkin, plombalab bering», deb qattiq turib olganim foyda bermadi. «Suvoqava» menga «mana shuni ko‘rsatasiz» - deb, plombalab berish haqidagi o‘z arizamning nusxasini berdi xolos. Unda faqat o‘zimning imzom bor edi. Vaziyatni kuzatib tursam, menga o‘xshagan ko‘plab fuqarolar shunday javobni olib, qaytib ketishayotgan ekan.

Xo‘sh, suv o‘lchagichda plomba yo‘qligi nimani anglatadi? Aniqlik kiritish maqsadida, Ma'muriy javobgarlik kodeksini ochib ko‘ramiz.

Uning 163-moddasida shunday deyilgan: Vodoprovod plombalariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek, bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish — fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Vodoprovod plombalariga qasddan shikast yetkazish deganda nima nazarda tutilgan?

Har qanday o‘lchagichlarning plombasi tegishli tashkilotlarning nazoratchilari ishtirokida buzilishi va bu haqda dalolatnoma rasmiylashtirilishi shart. Bunday dalolatnomaning yo‘qligi - plombalarga qasddan shikast yetkazish deb baholanadi.

Ma'muriy kodeksga asosan, suv o‘lchagichda plomba yo‘qligi sababli, har qanday mijoz eng kam ish haqining 5 barobaridan 10 barobarigacha yoki bugungi kunda 861200 so‘mdan 1722400 so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin.

Muammo yuzasidan «Tuyamuyun - Urganch» MSKF DUK Urganch davlat unitar korxonasi Urganch shahar bo‘limi boshlig‘i Sanjar Xodjanazarov bilan uchrashdim. U quyidagicha izoh berdi.

«Urganch shahri bo‘yicha har bir mahallada inspektorlarimiz bor edi. Ularning soni qirqqa yaqin edi. 18 yanvargacha ularning barchasi qisqartirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5241 qarori va Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi buyrug‘iga asosan shunday qilindi. Ayni paytda, suv o‘lchagichlarni plombalash uchun bizga shtat birligi ajratilmagan. Bu ishni qiladigan maxsus xodim yo‘q. Aholidan suv o‘lchagichlarni plombalab berilishi bo‘yicha tushgan arizalar soni esa bugungi kunda 907tani tashkil qiladi».

Xorazm viloyati «Tuyamuyun - Urganch» MSKF DUK metrologiya bo‘limi muhandisi Xushnud Jumaniyazov vaziyatga quyidagicha izoh berdi.

«Ayni paytda, suv hisoblagich uskunalarini plombalash bizning bo‘limimizga yuklatilgan. Unda bo‘lim boshlig‘i va men, jami ikki kishi ishlaymiz. Vaqt topildi deguncha, baholi qudrat, navbatma-navbat plombalash ishlarini amalga oshiryapmiz. Bu bilan shug‘ullanadigan alohida shtat birligi yo‘q».

Hisoblab ko‘rish qiyin emas, agar mijozning suv o‘lchagich asbobini plombalash va dalolatnoma tuzishga o‘rtacha 1 soat vaqt sarflanadi desak, 907ta xonadonga bir xodim xizmat ko‘rsatganida, 115 kun yoki uch oydan ortiq vaqt ketadi! Plombalash uchun ariza berayotganlar soni esa kundan-kunga ortib bormoqda.

«PF-5241» bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yil 17 noyabr kuni imzolangan «Suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmondir.

Hujjatda haqiqatdan ham, nazoratchilarni qisqartirib yuborish haqida 5-band mavjud:

«Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi zimmasiga quyidagi ishlar yuklatilgan:

- ikki oy muddatda (2018 yil 18 yanvargacha - izoh Kun.uz'niki) tegishli funksiyalarning Byuroga (Majburiy ijro byurosi - izoh Kun.uz'niki) o‘tkazilishini hisobga olgan holda «Suvoqava» va «Suvsoz» davlat unitar korxonalarining nazoratchi shtat birliklari qisqartirilishi ta'minlansin».

Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi farmonning mana shu bandini bajarish uchun nazoratchilar shtatlarini qisqartirib yuborgan.

Endi farmonning 3-bandi «b» qismiga qaraymiz:

«O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi quyidagilar uchun javobgardir:

- iste'molchilarga o‘rnatilgan suv iste'molini hisobga olish uskunalarining almashtirilishi, o‘rnatilishi va ekspluatatsiya xizmati ko‘rsatilishini, shuningdek, Byuro bilan birgalikda ular plombalanishini ta'minlash;».

Ya'ni «Suvoqava» suv o‘lchagich asboblarini MIB (Majburiy ijro byurosi) bilan birgalikda plombalanishini ta'minlashi lozim.

Bu masala yuzasidan Urganch shahri Majburiy ijro byurosi, «Energiya va suv resurslari ta'minoti sohasida qarzlarni undirishni tashkillashtirish bo‘limi» inspektori Xudayberganov Botirdan izoh so‘radik.

«Byuro suv o‘lchagichlarni plombalab bermaydi. Biroq, uni plombalash va dalolatnomani rasmiylashtirish jarayonida ishtirok etadi, uni qayd qiladi. Prezident farmonida ko‘zda tutilgan band shuni anglatadi», dedi Xudayberganov.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyulda qabul qilgan «Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 194-son qarori ham mavjud.

Uning V moddasi 63-bandida shunday deyiladi: «Suv o‘lchash uzeli ISKX tashkiloti tomonidan plombalanishi lozim. Plombalanmagan hisoblash asboblarini o‘rnatish va ulardan foydalanish taqiqlanadi».

Suv o‘lchash uzeli — suv hajmini o‘lchashni ta'minlaydigan asbob va qurilmalar majmui (shu qarorning I moddasida).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 5241-sonli Prezident farmoni 5-bandiga asosan, nazoratchilar sonini qisqartirib yuborgan. Ammo, 3-bandiga asosan, plombalash bilan shug‘ullanadigan texnik xodimlar shtatini yaratishga nima to‘sqinlik qilganini tushunish qiyin.

Tashkilot bu ishlarni MIB xodimlari vakolatiga kiradi deyishiga asos yo‘q. Bundan tashqari, Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga qarashli MSKF DUKlar nochor korxona ham emas, ular yangi shtat birligini ochib, texnik xodimlarni ishlatishga qodir.

Hozirgi kunda Urganch shahrining o‘zida suv o‘lchagichning plombalanishini kutib turgan mijozlar soni mingtaga yaqinlashgan. Xorazm viloyatining boshqa tumanlari, qolaversa Respublikamizning boshqa viloyatlaridagi vaziyatni tasavvur qilish - odamni xavotirga soladi. Umid qilamizki, vazirlik bu muammoni qisqa vaqt ichida ijobiy hal qilib, aholining ijtimoiy huquqlarini ta'minlanishiga sharoit yaratadi.

Zero, ayni paytda, minglab xonadonlar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli, qonunbuzar maqomiga ega bo‘lib turibdi. Ular MIB xodimlari tomonidan jarimaga tortilmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid