O‘zbekiston | 10:30 / 01.04.2018
93976
6 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Kun.uz nigohida: Samarqand - Dushanbe safaridan reportaj

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida do‘stona aloqalar qayta tiklanib, ikki mamlakat fuqarolari 30 kungacha vizasiz kirib-chiqish tartibi joriy etilgach, qardosh xalqlarning bordi-keldisi ko‘paydi.

Navro‘z ayyomida Samarqandda tojikistonlik ko‘plab turistlarni ko‘rib xursand bo‘lgan edik. Tojikistonlik fuqarolar poytaxtimiz Toshkentgacha o‘z shaxsiy mashinalarida kelib, aylanib ketishmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuv amalda qanday ishlayotganini ko‘rish uchun, Kun.uz tahririyati topshirig‘iga ko‘ra Tojikistondan reportajlar tayyorlash uchun men va hamrohim, tasvirchi-operator Ma'rufjon Asqarov Tojikiston Respublikasiga xizmat safariga jo‘nadik.

Samarqandda ishlarimizni tugatgach, soat 16:00 larda Urgut tumanidagi «Jartepa» nazorat-o‘tkazish punktiga keldik.

Hujjatlarimizni ko‘rib chiqishdi, muhr bosishdi, mashina va yuklarimizni tekshiruvdan o‘tkazishdi — bularning barchasiga 20 daqiqacha vaqt ketdi.

Bu bundan ham tezroq bo‘lishi mumkin edi. Lekin mendan avvalroq navbatda turgan tojikistonlik ayol Samarqand nonlaridan ko‘proq olgan ekan, bojxonachilarimiz «belgilanganidan ortig‘ini tashlab ketasiz, qoida shuni taqozo etadi», deb turib olishdi. Mehmon ayol «uyimda ma'rakam bor, mehmonlar keladi, shunga oluvdim», deydi qisinib.

Menga navbat yetguncha ularning tortishuvini qalbim og‘rigancha ancha kuzatib turdim, keyin meni «aka, siz kutib qoldingiz», deb ulardan ham oldinroq tekshirib o‘tkazib yuborishdi. Voqea nima bilan tugaganini bilmay qoldim.

Tojikistondagi «Sarazm» chegara postida esa 5 daqiqa ham vaqt ketmadi. O‘ta xushmuomalalik bilan kutib olishdi, pasport nazorati, mashinaning texnik pasportidan nusxa ko‘chirishdi, tashrif sababini so‘rashdi va jurnalist ekanligimni bilishgach, «Xush omaded! Rohi safed» deb kuzatib qo‘yishdi. Shaxsiy avtomashinasida o‘tadiganlar uchun 50 AQSh dollari atrofida qandaydir to‘lov borligi haqida eshitgandim. Uni bizdan so‘rashmadi. Men ham sababini so‘rab o‘tirmadim.

Nazorat o‘tkazish punktidan chiqishimiz hamono oynadek tekis, chetlari hafsala bilan chizilgan asfalt yo‘lga chiqdik. «Bayram, qolaversa chegara ochilishi munosabati bilan yaxshilab asfalt qilishipti-da, qo‘shnilarimiz», deb o‘yladik. Chunki, «Jartepa»ga borgunimizcha biz tomondagi yo‘lning ham o‘ydim-chuqur joylari yamab chiqilgan ekan.

Biroq orasta Panjakentda ham tugamagan ushbu sifatli yo‘lning Dushanbe shahrigacha deyarli uzilmasdan kelgani bizni nihoyatda hayratlantirdi. Faqatgina tog‘ning eng baland qismidagi, bir-ikki hafta muqaddam ham qor ostida bo‘lgan yo‘llarda biroz buzilgan joylar bor ekan.

Umuman, Panjakentdan keladigan yo‘lning Xo‘jand – Dushanbe yo‘ligacha bo‘lgan qismi nihoyatda sifatli qilib asfaltlangan. Vey, oddiy tog‘ qishloqlarining ichi ham shunaqa asfaltlanadigan bo‘lsa, qishloqning shiferlari va devorlari bo‘yalmagan bo‘lsa ham obod ko‘rinar ekan. Demak, biz ham birinchi navbatda qishloq joylarimizda yo‘llarning sifatini oshirishga e'tibor qaratishimiz kerak ekan, degan xulosaga keldim.

Panjakent tumanida tog‘ qishloqlari juda chiroyli tabiati bilan bizni yo‘l bo‘yi maftun etdi. Toqqa o‘rmalar ekanmiz, Zarafshon daryosining eng yuqori qismlaridagi zilol suv ko‘zimizni quvnatdi. Tog‘dagi qishloqlar ichida tezlik chegaralangan — 40 km/soat.

Dengiz sathidan 3372 balandlikda o‘tuvchi Anzob dovoniga eltuvchi Xo‘jand – Dushanbe yo‘lida katta yuk mashinalari ham ko‘p qatnar ekan. Ular me'yordan ortiq yuk ortgani albatta yo‘llarning sifatiga biroz putur yetkazgan.

Dovonda uzunligi 5 km va 1,5 km keladigan ikkita tunnel bor ekan. Bundan tashqari, dovon yo‘lida (hisobdan ham adashib ketdim) yigirmadan ziyod uzun va kalta galereyali tunellar barpo etilgan bo‘lib, ular birinchi navbatda yo‘llarni sel toshqini, tosh ko‘chishi va qor ko‘chishidan asrash uchun qurilgan.

Tojikistonda yo‘llar pullik. Ikki bor pul to‘ladik. Dastlab 21 somoniy, keyin esa 3 somoniy. 1 somoniy O‘zbekiston valutasiga 925 so‘m atrofida bo‘lar ekan. 95 markali benzin bizning pulimizga 6400 so‘m, 92 markalisi esa 6050 so‘m atrofida sotilmoqda. Tog‘ yo‘llarida ham ko‘plab AYoQShlar xizmat ko‘rsatmoqda.

Dushanbega yaqinlashayotib yo‘llarda ikki bor DAN xodimlariga ko‘zimiz tushdi. Na radar, na kamera bor. Yo‘llarda birorta nazorat posti yo‘q.

Chegaradan 245 km yo‘l bosib, Dushanbe shahriga qariyb 5 soatda, soat 21:00 atrofida kirib keldik. Dastlabki ishimiz, biror mehmonxonaga joylashish bo‘ldi. Shaharni umuman bilmaymiz. Chekkaroqqa to‘xtab, mahalliy yigitlardan biridan yordam so‘radik. U erinmasdan yo‘lni tushuntirdi va mashinamizga ko‘zi tushib, «O‘zbekistondanmisizlar? Sizlarni bu yerda ko‘rib turganimdan juda xursandman, xush kelibsizlar», dedi. Bunday mulozamatdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Ha, Tojikiston bizni juda iliq qarshi oldi!

Ha-ya, mehmonxonaga kelganimizda, bu yerda yana bir samarqandlik mehmonlar kelib joylashganiga guvoh bo‘ldik.

Endi Dushanbe shahri bo‘ylab sayrga chiqamiz, reportajlar tayyorlaymiz, odamlar bilan gaplashamiz va albatta keyinroq videohisobot e'tiboringizga havola etiladi. Navbatdagi reportajimizni kuting. Hozircha shu...

Shuhrat Shokirjonov, Ma'rufjon Asqarov.

Mavzuga oid