Jahon | 08:39 / 07.04.2018
36901
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Qatarni orolga aylantirmoqchi – OAV

Foto: AP Photo / Hassan Ammar

Saudiya Arabistoni investitsion ittifoqi Qatar bilan chegarada kanal qazib, amirlikni orolga aylantirmoqchi va bu hududda turistik loyihani amalga oshirmoqchi. Bu haqda Sabq nashri xabar berdi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha 9 ta kompaniyadan iborat Saudiya Arabistoni investitsion ittifoqi tomonidan amalga oshiriladi. Loyihaga ko‘ra, Qatar bilan chegara bo‘ylab kanal qaziladi. Taxmin qilinishicha, ushbu ishlarga 12 oy vaqt ketadi. Ayni vaqtda ittifoq hukumatning rasmiy ruxsatini kutmoqda. 

Ma'lum qilinishicha, kanal eni 200 metrni, chuqurligi 15-20 metrni va uzunligi 60 kmni tashkil qiladi. Bunday kanal barcha turdagi kemalarni qabul qila oladi. Saudiya Arabistoni yangi dengiz yo‘li orqali qirollikning Salva port shahrini Qatar bilan quruqlikdagi chegara chekkalari bo‘ylab joylashgan Xur al-Adid hududini bog‘lay oladi.

Ushbu loyihani amalga oshirishga 2,8 mlrd saudiya riali (700 mln dollar atrofida) sarf qilinishi rejalashtirilmoqda.  

Loyihaga ko‘ra, hosil bo‘lgan sohillarda xususiy plyajlarga ega kurortlar va 5 ta bosh mehmonxona joylashadi. Bundan tashqari, kanal bo‘yida yangi portlar ochish va Fors ko‘rfazining boshqa davlatlariga dengiz sayrlarini amalga oshirish uchun ikkita kruiz kompaniyasi ochish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, hududda erkin savdo hududi tashkil etiladi.    

Ta'kidlanishicha, kanal faqat Saudiya Arabistoniga tegishli bo‘ladi, chunki u qirollik hududida, Qatar bilan rasmiy chegaradan bir kilometr berida qaziladi. Qatar bilan chegaradagi quruqlikdagi hudud esa qirollikni himoya qilish zonasi bo‘lib xizmat qiladi.  

Mavzuga oid