Sport | 20:56 / 10.04.2018
25979
2 daqiqa o‘qiladi

Messining deyarli yugurmasligi aniqlandi

Foto: Reuters

Shveytsariyaning Neue Zürcher Zeitung gazetasi tadqiqotiga ko‘ra, Chempionlar Ligasi 2017/18 mavsumida, hujumchilar orasida Lionel Messi juda kam yugurishi ma'lum bo‘ldi. O‘yinda o‘tkazilgan har 1 daqiqa davomida argentinalik 89,9 metr masofani bosib o‘tadi. Oddiy inson piyoda yurganida, 1 daqiqada 83,3 metrni bosib o‘tishini hisobga olsak, Messi siz va bizdan tezkor emasligi oydinlashadi.

Taqqoslaydigan bo‘lsak, «Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu 1 daqiqada 101,9 metr masofani bosib o‘tadi.

Chempionlar Ligasida Messidan ham kam yuguradigan faqat bir futbolchi bor - «Manchester Yunayted» markaziy himoyachisi Erik Bayi – 1 daqiqada 88,2 metr.

Eng ko‘p yuguruvchi futbolchilar orasida «Portu» futbolchisi Bruno Kosta tengsiz – 143,7 metr. Undan keyingi o‘rinlarni Adam Lallana («Liverpul», 142,6 metr) va Mahmud Dahud («Borussiya» D, 141,7 metr) egallab turibdi.

«Messi kam yuguradi» – yangilik emas. Masalan, FIFA JCh-2014 statistikasini e'lon qilganida, Messi eng ko‘p masofani bosib o‘tgan futbolchilar orasida 30-o‘rinda edi. Shunda ko‘pchilik Messining o‘yinini tanqid qilgan, uning otasi esa o‘g‘lini charchab qolganini aytgan edi. Biroq, bularning barchasi Leoga turnirning eng yaxshi futbolchisi deb tan olinishiga to‘sqinlik qilolmadi. Ayni paytda esa, «yalqov» Messi navbatdagi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishga asosiy da'vogar bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid