Jamiyat | 22:40 / 11.04.2018
92412
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganlik chempion bola og‘ir ahvolda

Farzand ne'mati ota-ona uchun Yaratganning eng bebaho in'omidir. Bolangizga bir zirapcha kirsa, joningizni berishga tayyorsiz. Xasta bo‘lsa-chi? Dunyo ko‘zingizga qorong‘u bo‘ladi. Hech qayerga sig‘may ketasiz. Biroq bu hayot va uning biz uchun kutilmagan sinovlari bisyor.

Oramizda farzandi xastalanib, Yaratgandan najot va umid kutayotganlar anchagina. KUN.UZ saytiga Qosimov Sardorbek haqida uning do‘stlari maktub yo‘lladi. 

Namanganlik 11 yoshli Sardorbekka ko‘pchilik havas qilar edi. A'lo bahoga o‘qib, chempion bo‘lgan Sardorbek kutilmaganda og‘ir xastalikka chalindi. Ota-onasi yelib yugurib, kerakli muolajalarni qilishdi. Biroq dardga davo topilmadi. Shunday bo‘lsa-da, Sardorbek taslim bo‘lgani yo‘q. Ota-onasi umidini ham uzgani yuk. Namanganga safarimiz davomida Sardorbekni ko‘rgani bordik. Xonadonga borganimizda bizni Sardorbekni parvarishlayotgan buvisi kutib oldi.  

“Karatedan Chempion bo‘ldi. A'lo bahoga o‘qib yurgandi. O‘tgan yili ko‘zi xiralashdi. Shundan bilib qoldik. Shifokorlarga murojaat qildik. Boshida o‘simta bor dedi. Ikki marta Toshkentda operatsiya bo‘ldi. Biroq shifo topmadi. Hozir xorijdan shu kasallik bo‘yicha tajribali shifokor professorga murojaat qilganmiz. Kelib, operatsiya qiladigan bo‘ldi. Faqat mablag‘dan qiynalyapmiz. Qizim va kuyovim ishlayapti. Men bolaga qarayapman” deya ko‘ziga yosh oldi Sardorbekni buvisi.

Sardorbek qalbimizni eritib yubordi. Ko‘nglimizdan unga yordam berish istagi o‘tdi. Hali imkon bor. Uni saqlab qolish mumkin. U yana oyoqqa turib ketishiga ishonamiz. Sardorbek hali Namanganning iftixori, O‘zbekistonning g‘ururi bo‘ladi. 

Azizlar, keling, bir g‘ayrat qilaylik! Qo‘limizdan kelganicha moddiy yordam beraylik. Hech bo‘lmaganda duo qilaylik!

Mavzuga oid