Jamiyat | 00:25 / 14.04.2018
15100
3 daqiqa o‘qiladi

Tuman va shaharlarda ham adliya bo‘limlari tashkil etiladi - Prezident farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan kasb-hunar kollejlari yuridik xizmatlarining shtat birliklari hisobidan, «respublika – viloyat – tuman (shahar)» uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha vertikal boshqaruvni joriy etgan holda tumanlar (shaharlar)da adliya bo‘limlari tashkil etiladi.

Kasb-hunar kollejlarining tugatilayotgan yuridik xizmatlari funksiyalari tegishli tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • hokimlarga hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumanlar (shaharlar) tuzilmalariga qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha maslahatlar berish;
  • davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish;
  • qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tumanlar tuzilmalaridagi ijrochilarga yetkazish, «respublika – viloyat – tuman – mahalla» prinsipi bo‘yicha huquqiy targ‘ibot va aholining huquqiy savodsizligiga barham berish borasida, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • tumanlar (shaharlar) hokimlari va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini qonun hujjatlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish;
  • huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va tahlil qilish, uning barqarorligi va bir xilligini ta'minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
  • inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;
  • davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarida huquqiy ishlarning holatini monitoring qilish, shuningdek, ularning yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va metodik ta'minlash.
UzA Shokirjonov Shuhrat
Tayyorlagan UzA Shokirjonov Shuhrat
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid